Adliya aralashuvi bilan murojaatchilar muammosi hal qilindi
Foto: “Xalq soʻzi”
Namangan viloyat adliya boshqarmasi hamda uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, ularga huquqiy ko‘mak berish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, yaqinda Mingbuloq tumani Mulkobod mahallasida yashovchi A'zamjon Mamayusupovning mazkur tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan muddatidan avval yoshga doir pensiyaga chiqish uchun asos bo‘lgan taqdimnoma berilmayotganligidan noroziligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganib chiqildi.
Taqdim etilgan hujjatlardan aniqlanishicha, “O‘zgarish” maishiy-xizmat kasb-hunar kolleji tomonidan A. Mamayusupov nomiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va Mehnat kodeksiga asosan ogohlantirish xati berilib, kollej direktorining buyrug‘iga ko‘ra, muassasaning ishlab chiqarish ta'limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtat qisqarishi munosabati bilan Mehnat kodeksining tegishli moddasiga asosan bekor qilingan. Biroq, Bandlikka ko‘maklashish markazi fuqaroga muddatidan avval pensiyaga chiqish uchun u qonunan talab qilgan taqdimnomani bermay kelgan. Mazkur murojaat boshqarma tomonidan batafsil o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
Uchqo‘rg‘on tumani, “Chek” mahallasida yashovchi fuqaro Islomjon Yusufjonov esa o‘ziga Prezident Farmoniga asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan ustamani berishmayotganidan norozi. Uning murojaatini tuman adliya bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqish chog‘ida Xalq ta'limi bo‘limi ta'limni raqamlashtirish sho‘'basi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonida nazarda tutilgan ustamalar 2023-yil uchun xarajatlar smetasiga kiritilmaganligi aniqlandi.
— Mas'ul idora yordami bilan mehnatga munosib haq olish bo‘yicha huquqim tiklandi, —deydi I. Yusufjonov. – Joriy yil boshidan olishim kerak bo‘lgan 40 million so‘m miqdoridagi ustama puli to‘liq undirib berildi. Kelgusi oydan belgilingan ustamani maoshimga qo‘shib to‘lanadigan bo‘ldi.
Shunday qilib, adliya xodimlari yana ikki murojaatchini qiynayotgan muammoga yelka tutib berishdi. Bunday misollar yurtimizda inson huquqi hamisha ishonchli himoyada ekanligidan dalolat beradi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring