Adhamjonga oltin uchun bir kg. yetmadi

Urganch shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati davom etmoqda.
Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda -69 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Adhamjon Ergashev ikkikurash natijasiga ko‘ra kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimiz dast ko‘tarishda 131 kg. og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, oltin medal bilan taqdirlandi. Siltab ko‘tarishda esa Adhamjon 167 kg. toshni ko‘tara oldi. Ushbu natijasi bilan u ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Yakunda umumiy hisobda 298 kg. natija ko‘rsatgan Adhamjon Ergashev, ikkurash natijasiga ko‘ra Osiyo chempionatining kumush medali sohibiga aylandi. U mazkur vaznda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan vetnamlik Kuang Trong Nguyendan bor yo‘g‘i bir kilogrammga ortda qoldi.
Ushbu vazn toifasida ishtirok etgan yana bir vakilimiz Hakimjon Shamsiddinov ham bronza medalini qo‘lga kiritgan raqibi bilan teng natija qayd eta olgandi. Biroq qoidalarga ko‘ra, bunday holatda vazni nisbatan kamroq bo‘lgan sportchi sovrinli o‘ringa munosib ko‘riladi.
Bungacha mazkur Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz Nigora Abdullayeva oltin, Zuhra Otajonova kumush medalga sazovor bo‘lgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring