Abituriyentlarning apellyatsiya berishi tartibi maʼlum qilindi
Test sinovlari natijasidan norozi abituriyentlar Davlat komissiyasi belgilagan muddatda Davlat test markazida tashkil etiladigan apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Abituriyentga murojaati asosida apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish boʻyicha xabarnoma beriladi.
Bu haqda 25-iyun kuni AOKAda oʻtkazilgan brifingda Davlat test markazi masʼul xodimi Diyorbek Qoʻchqorov maʼlumot berdi.
DTM vakilining soʻzlariga koʻra, abituriyent apellyatsiyaga xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi.
Apellyatsiya jarayonida abituriyentga u tomonidan bajarilgan test materiallari taqdim etiladi. Taqdim etilgan materiallar asosida abituriyent oʻzining har bir notoʻgʻri deb hisoblangan test topshirigʻiga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi.
Apellyatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida uning yozma javoblari asosida koʻrib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari oʻz tasdigʻini topmagan boʻlsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qoʻshimcha qilinishicha, har yili abituriyentlardan apellyatsiya shikoyatlarini qabul qilish 20-avgustdan boshlangan. Joriy yil esa pandemiya sharoiti tufayli kirish imtihonlari oʻtkazilish muddati oldingiga qaraganda choʻziladi. Apellyatsiya uchun arizalar joriy yil ham test sinovlari toʻliq yakunlangandan soʻng 10 kun muddatda qabul qilinadi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar esa DTM tomonidan maʼlum qilib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring