“Abdurauf Fitrat” spektakli premyerasi boʻlib oʻtdi

17:49 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
777 0

Buxoro viloyat musiqali drama teatri jamoasi shoir va dramaturg Zikrilla Neʼmat qalamiga mansub “Abdurauf Fitrat” spektaklini sahnalashtirdi.

— Asarda yurt istiqloli uchun kurashgan, xalqimiz madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan shoir va nosir, dramaturg va publitsist, adabiyotshunos, jamoat arbobi Abdurauf Fitratning hayoti va ijodi qalamga olingan, —  deydi teatr adabiy emakdoshi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Mohigul Nazarova. — Bilamizki, oʻtgan asrning 20 – 30 yillarida yashab ijod qilgan koʻplab yurt fidoyilarining hayoti fojiali yakun topgan. Muallif ana shunday ijodkorlarning old qatorida turgan Fitrat obrazini oʻziga xos yoʻsinda yaratish orqali istiqlol, hurriyat tushunchalarining naqadar bebaho qadriyat ekanini koʻrsatib bergan.

Spektakl iqtidorli rejissyor Laziz Navroʻzov tomonidan sahnalashtirilgan. Unda asosiy rollarni teatrning Baxtiyor Pirmatov, Suhrob Qurbonov, Murodjon Hasanov kabi talantli aktyorlari bilan birga el – yurt nazariga tushgan Roʻzigul Qandova, Rahim Ergashev, Saodat Gʻulomova kabi sanʼatkorlar ijro etishgan.

Asar premyerasining 21-oktyabr — Ona tilimiz bayrami arafasida boʻlib oʻtishida ham nazarimizda, majoziy maʼno bor. Qomusiy bilim egasi Abdurauf Fitrat oʻzbek tilini asrab – ardoqlash, uning imkoniyatlarini koʻrsatib berish borasida ham fidoyilik koʻrsatgan. Olimning oʻzbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925 – 1930-yillar oraligʻida besh bor nashr etilgan. Aynan tilshunoslik va adabiyotshunoslik borasidagi chuqur ilmiy tadqiqotlari uchun u oʻzbek olimlari orasida birinchilardan boʻlib professor unvoniga sazovor boʻlgan.

Spektaklga kelsak, u tomoshabinlar, xususan, ziyolilar hamda yoshlar tomonidan iliq qarshi olindi. Teatr jamoasi repertuari yana bir ajoyib sahna asari bilan boyidi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер