Abdulla Aripov koronavirus boʻyicha asossiz maʼlumot tarqatganlarga chora koʻrilishi haqida ogohlantirdi
Bu haqda bugun, 15-mart kuni Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlari xususida oʻtkazilgan brifingda aytib oʻtdi.
“Hech qanday vahimaga oʻrin yoʻq. Har kuni savollarga javoblar beriladi, matbuot anjumanlari oʻtkaziladi. Hozir respublika boʻyicha favqulodda holatga oʻxshash holat eʼlon qilinyapti.
Lekin ogohlantiraman, biror OAV oʻzbilarmonlik bilan chaqiruvlar, odamlarga vahima solish maqsadida maʼlumot tarqatsa, oʻzicha hazil qilmoqchi edim deb, keyin yigʻlab oʻtiradiganlar bor, shundaylar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonunda yetarli moddalar bor.
Aniqlab, topib, ushlab, qulogʻidan tortib oftobga olib chiqishning muammosi yoʻq. Majbur qilmanglar texnik choralar koʻrishga.
Kerak boʻlsa, umuman efirga chiqmaydigan ham qilib qoʻyamiz. Internet tarmogʻidan ham, boshqa tarmoqdan ham oʻchirishimiz mumkin. Texnik vositalarimiz yetarli.
Boshqalarni qoʻrqitish va qoʻrquvga solish bilan har xil maʼlumotni tarqatmoqchi boʻlayotganlar ommaviy axborot vositasi qanday kuchga ega ekanligini yaxshi biladi. Shu bilan birga buni ishlatish, yaʼni axborot tarqatish juda ogʻir masʼuliyat. Buni qonunlarni yaxshi tushungan, rasmiy axborot va yolgʻon xabarlarning farqini yaxshi biluvchi, masʼuliyatni zimmasiga oladigan odam qilishi kerak. Bunday paytda hazil ketmaydi.
Kecha bittasi qaysidir mamlakatda koronavirusga qarshi mol peshobini ichishganini yozib, chiqaribdi. Bu nima degan gap? Shuni bizning Telegram kanali tarqatyapti. Mana shunday behayo, aqlsiz, befarosat narsalarni tarqatmoqchi boʻlganlarga men yana qaytarib aytaman, kim nima desa, desin, ushbu yolgʻon xabarlarni tarqatib, aholida sarosima yuzaga keltirishga uringanlarga qatʼiy chora koʻramiz”, — dedi Aripov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring