ABC: Rubio amerikalik diplomatlarga Eronga qarshi choralar koʻrish uchun boshqa davlatlarga taʼsir oʻtkazishni topshirdi

21:21 17 Mart 2026 Dunyo
305 0

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio chet eldagi amerikalik diplomatik vakolatxonalar xodimlariga Eronga qarshi choralar koʻrish uchun mahalliy hukumatlarga bosim oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berdi, deb xabar bermoqda ABC News.

Tegishli hujjatda aytilishicha, xodimlar davlat rasmiylarini Eron va unga aloqador deb aytilayotgan “terrorchi guruhlarning hujum qilish” imkoniyatlarini cheklash boʻyicha tezkor choralar koʻrishga chaqirishlari kerak. Bu Islom Respublikasi va uning tarafdorlari tomonidan “hujum xavfi ortgan” sharoitda zarurligi taʼkidlanmoqda.

Ushbu tezislar 20-martga qadar “eng yuqori darajada” mahalliy hukumatlarga yetkazilishi belgilangan. Qoʻshma Shtatlar rasmiylarining fikricha, bir tomonlama harakatlardan koʻra, jamoaviy bosim Eronni “oʻz xulq-atvorini oʻzgartirishga” majbur qilish ehtimolini oshiradi.

Amerika diplomatik idoralari xodimlariga mahalliy hukumatlarni Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va Livanning “Hizbulloh” harakatini terrorchi tashkilotlar deb eʼlon qilishga tezkorlik bilan chaqirish topshirilgan. Buning uchun qoʻshimcha dalillar taqdim etilishi lozimligi koʻrsatilgan.

“Bunday qaror Eron rejimiga boʻlgan bosimni kuchaytiradi va uning butun dunyo boʻylab aholingiz xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorchilik faoliyatini homiylik qilish imkoniyatlarini cheklaydi”, — deyiladi diplomatik telegrammada.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер