92 tadbirkorni chuv tushirgan EHM operatori hamda uning MIBdagi hamtovogʻiga sud hukmi oʻqildi
Azimjon Safarov oilaviy korxonasidan 2018-yilning 24-aprel kuni tabiiy gaz toʻlovi uchun Gʻijduvon tuman gaz idorasiga bir million soʻm miqdoridagi mablagʻni koʻchirdi.Bir oz vaqt oʻtgach, Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi tomonidan olib borilgan oʻrganish jarayonida bu pul uning abonent raqamiga oʻtkazilmagani maʼlum boʻldi.Bundan tabiiyki, tadbirkor taajjublandi.Qarangki, noqulay ahvolga tushgan yolgʻiz Azimjon emas ekan.Oz emas, koʻp emas, 92 nafar tadbirkor tomonidan amalga oshirilgan tabiiy gaz toʻlovlari allaqaygadir gʻoyib boʻlgan.
Xoʻsh, kalavaning uchi qayerda? U topilmay qolmadi,albatta.
-Gʻijduvongaz”unitar korxonasida ishlagan paytimda shu yerda inspektor vazifasida faoliyat koʻrsatgan Baxtiyor Rasulov bilan tanishganman,- deydi sudlanuvchi Asliddin Fatullayev.- Keyin Baxtiyor Majburiy ijro byurosi Gʻijduvon tuman boʻlimiga davlat inspektori vazifasiga ishga qabul qilindi.Men esa Gʻijduvon tumanlararo 7-son gaz taʼminoti uchastkasida EHM operatori vazifasida ish boshladim.
Oʻshanda 2017-yil oktyabr oyi edi.Baxtiyor Rasulovga qoʻngʻiroq qilib, undan “Tabiiy gaz toʻlovi uchun naqd pul toʻlaydigan isteʼmolchi bormi” deb soʻradim.Baxtiyor “Bu nima uchun kerak” dedi.Unga “Oʻztransgaz” AJning Gʻijduvon tuman filiali aholi hisob raqamida ortiqcha pullar borligini, shu pullar hisobidan isteʼmolchilarning abonent raqamlariga toʻlovlarni oʻtkazib berishimni aytdim. “Isteʼmolchilarning abonent raqamlariga oʻtkazib berilgan pullar keyinchalik ularning abonent raqamlaridan qaytarib olinmaydimi” deb soʻraganida, “Bir tadbirkor aholi hisob-raqamiga koʻproq pul oʻtkazgan, shuning bir qismini naql pul qilib berishni iltimos qilyapti” deb aytdim.Baxtiyor rozi boʻldi.Isteʼmolchilardan tabiiy gaz toʻlovi uchun kunlik undirilgan naqd pullarni va isteʼmolchilarning roʻyxati hamda abonent raqamlarini menga berib turdi.Men Baxtiyordan tabiiy gaz toʻlovi uchun olingan naqd pulni oʻz ehtiyojlarim uchun sarflab yubordim.Aybimga iqrorman.
Majburiy ijro byurosi Gʻijduvon tumani boʻlimi energiya resurslari, suv va maishiy chiqindilar boʻyicha qarzdorlikni undirish va nazorat qilish shoʻbasi davlat inspektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan B. Rasulovning koʻmagi bilan bu “uddaburon” shu tariqa tadbirkorlarning jami 46 million soʻmdan ziyod tabiiy gaz uchun toʻlangan pullarini oʻzlashtirgani aniqlandi.Sudda ayblanuvchi Baxtiyor Rasulov ham oʻz aybiga toʻliq iqror boʻldi.
“Gʻarbgaztaʼminot” UK “Gʻijduvongaz” filiali binosida jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudi sudyasi B. Achilov raisligida oʻtgan sayyor sud majlisida aybdorlarga hukm oʻqildi.Unga koʻra, Asliddin Fatullayev Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.Ikki yil muddatga moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.Oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Baxtiyor Rasulov esa bir yil muddatga moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.Endi u oylik ish haqining oʻn foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan bir yarim yil muddatda axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtaydi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring