70 yoshli koʻngilli tozalik sanitari
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻqishdan, ishdan tashqari paytlarda sevgan yumushimiz bilan band boʻlish ruhiyatimizni tinchlantiradi, hayotga boʻlgan zavqimizni oshiradi. Buning uchun kimdir qushlar parvarishi bilan shugʻullansa, yana kimdir dehqonchilik sirlarini oʻrganadi. Avtomashinaga qiziquvchilar, kolleksiya yigʻuvchilar ham bor... Xullas, hammaning oʻz “xobbi”si boʻladi. Andijon shahridagi “Mashʼal” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi 70 yoshli Odiljon ota Yusupov ham mana 10 yildirki, oʻzi yoqqan mashgʻulot bilan band.
— Aytsam, hamma hayron qoladi,—deydi u biz bilan suhbatda. –Men tevarak-atrofni chiqindilardan tozalashni yaxshi koʻraman. Mahalladagi maishiy chiqindilarni tozalasam, koʻnglim yorishadi. Avvallari, qoʻshnilarimga “axlat tashlamang, chiqindini maxsus joyga olib boring”, deb nasihat qilaverardim. Bu gap hammaga ham yoqavermaydi. Shundan keyin bunday yumushlarni oʻzim qiladigan boʻldim. Bu odatimni koʻrgan qoʻshnilarim duch kelgan joyga chiqindi tashlamaydigan boʻlishdi. Hartugul saʼy-harakatim behuda ketmadi.
Odiljon ota haftada uch kun “Mashʼal” va “Sadoqat” koʻchalarini aylanadi. Bu masofa baʼzida 7 kilometrdan ham oshadi. Yoʻlida duch kelgan chiqindini aravada maxsus joyga tashiydi. Toza yoʻlni, pokiza xonadonni koʻrib, koʻngli ravshan tortadi. Amalga oshirgan bu ishi uchun birovdan na ragʻbat, na rahmat umidvor.
— Aslini olganda, oʻzi tugʻilib oʻsgan tuproqni qadrlash, unga sodiq boʻlish mana shu kabi oddiy amallarda aks etadi,—deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomuddinov. –Odiljon otaning atrof muhitni tozaligi ekologiyaning sofligi uchun kurashayotgani barchamiz uchun oʻrnak boʻlishi kerak. Hozirda boshqarmamiz tomonidan “Tozalik sanitarlari” faoliyatini shakllantirish maqsadida koʻngillilar jamoalarini tashkil etib, hududlarni maishiy chiqindilardan tozalash tadbirlari tashkil etilyapti.
Bu borada Odiljon ota Yusupov kabi ibratli hamyurtlarimizga qancha tashakkur aytsak, kam.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring