70 nafardan ziyod xotin-qizni ishli qilgan tadbirkor Buxoroda yilning eng ilgʻor ayoli deb topildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Oʻzanon” mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Munavvar Ilhomova oilada yagona farzand sanaladi. Ota-onasining nogironligi bor. Roʻzgʻor tashvishlari shu qiz zimmasida. Qishloqlarimizda esa bilasiz, ayollarbop ish hadeganda topilavermaydi. Ammo Munavvarga qay bir maʼnoda omad kulib boqdi.
Oʻzanonda Mavjuda Allayeva degan ayol yashaydi. Tadbirkor. Tinib-tinchimas, izlanuvchan. Uning chogʻroq boʻlsada tikuvchilik korxonasi bor. Shu tadbirkor Munavvarga qayishdi. Ishga qabul qildi. Endi qizning buguniyu ertasidan koʻngli toʻq. Ishli boʻldi. Maosh olayapti. Ota-onasi ham xursand. Farzandning ota-onaga qoʻl-qanot boʻlgani yaxshida.
— Mavjuda Allayeva tashabbusi bilan faoliyat boshlagan bu korxonada yetmish nafardan ziyod kishining bandligi taʼminlandi, — deydi mahalla xotin-qizlar faoli Mehrigul Ashurova. — Bundan tashqari, hududimizda yosh bolali yoki salomatligi tufayli uyda oʻtirib qolgan ayollar ham yoʻq emas. Ularning oʻttiz — oʻttiz besh nafarini Mavjudaxon kasanachilik asosida ishga jalb etgan. Bu yerda ishlayotganlar orasida “ayollar daftari”, “ yoshlar daftari”da turganlar ham bor.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomida faoliyat yuritayotgan M. Allayevaning korxonasi zamonaviy tikuv mashinkalari bilan jihozlangan. Bu yerda milliy kiyim-kechaklar, toʻybop sarpolar tikilmoqda. Korxona mahsulotlariga xorijdan, aniqrogʻi, Tojikistondan ham buyurtmalar tushmoqda. Muhimi, bir kichik korxona sharofati bilan oʻzanonlik oʻnlab ayollar ishlab, roʻzgʻorlariga daromad keltirish imkoniga ega boʻldilar. Mavjuda Allayevaga kelsak, yaqinda u “Yil ayoli” milliy tanlovi viloyat bosqichida “Yilning eng ilgʻor tadbirkor ayoli” nominatsiyasi gʻolibi deb topildi.
Istam IBROHIMOV,“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring