514 holatda suvdan foydalanishda isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilishi aniqlandi
Respublika Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish ishlari uchun Navoiy viloyatiga jami 899 million.m3 suv limiti ajratilib, tumanlar kesimida oyma oy tasdiqlab berilgan. Demak suv hisobli...
Biroq «Oʻzagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida joriy yilning 27-may holatiga koʻra, viloyat boʻyicha suvdan foydalanish sohasida 514 ta kamchiliklar aniqlangan. Shundan 123 tasi Qiziltepa, 115 tasi Karmana, 97 tasi Navbahor, 90 tasi Konimex, 79 tasi Xatirchi tumanlariga toʻgʻri keladi.
Suv isteʼmolchilari tomonidan aksariyat hollarda ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorish, suvni kollektor-drenajlarga oqizish, ruxsat etilmagan joylardan va shartnoma tuzmasdan suv olish, dalalarda suvni oʻz holiga tashlab qoʻyish kabi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.
Xususan, Qiziltepa tumanida «Kamronbek Moxlarbegim kelajagi» fermer xoʻjaligining 8 gektar gʻalla maydoni 0,10 gektar qismi “Uzilishkent” mahalla fuqarolar yigʻini Ziroat qishlogʻida yashovchi fuqarolar tomonidan oʻziga tegishli boʻlgan tomorqa yerlarini sugʻorish davomida koʻllatib yuborilib, ortiqcha suv isrofgarchiligi kuzatilgan. Tumanning Al-Buxoriy hududidagi «Shaxnoza Sevarabonu chashmasi» fermer xoʻjaligi tomonidan esa oʻziga tegishli baliqxonasiga 2021-yil sugʻorish mavsumi uchun shartnoma tuzilmagan.
Karmana tumanining Zarafshon hududidagi “Namoz bobo” fermer xoʻjaligi gʻalla maydonidan 5-10 l/sek suv foydalanilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri zovurga tashlab qoʻyilgan boʻlsa, Navbahor tumanidagi “Xoʻjam ota” fermer xoʻjaligi tomonidan gʻalla maydonlarini sugʻorish vaqtida 0,10 gektar qismi koʻllatib yuborilib, ortiqcha suv isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyilgan.
Xatirchi tumanidagi «Uyshin dashtovil» fermer xoʻjaligi tomonidan gʻalla maydonlarini sugʻorish vaqtida dalani koʻllatib, ortiqcha suv isrofgarchiligiga yoʻl qoʻyilgani, Xatirchi Agroeksport» klasterining gʻalla maydonida 15 l/sek suv foydalanilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri zovurlarga tashlab qoʻyilganligi aniqlandi.Mazkur holatlar yuzasidan fermer xoʻjalik rahbarlariga nisbatan MJtKning 74-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, qonuniy baho berish uchun tuman sudiga yuborish choralari koʻrilmoqda.
— Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan vakolat doirasida huquqbuzarlarga nisbatan 46 ta (11 million 515 ming soʻm) maʼmuriy, 31 ta (3 million 172 ming.soʻm) jarima sanksiya qoʻllanildi, — deydi «Oʻzagroinspeksiya» viloyat boshqarmasi katta inspektori Ulugʻbek Kenjayev. — 88 ta holat yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqishlik uchun sudlarga kiritildi. Oʻz navbatida, tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularga olib kelgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida 23 ta yozma koʻrsatma va taqdimnomalar kiritildi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring