500 grammdan 1000 grammgacha boʻlgan chaqaloqlarning yashab qolish koʻrsatkichi soʻnggi olti yilda qariyb 3 barobar oshgan — SSV
Foto: Arxiv surat
Bir paytlar bedavo hisoblangan koʻplab xastaliklarning muolaja qilinishi, tugʻma nuqsonlarning sanoqli daqiqalar ichida bartaraf etilayotgani, tanaga tigʻ tekkizmasdan murakkab operatsiyalar oʻtkazilishi — bularning barchasi zamonaviy tibbiyot yutuqlari.
Muhimi, bugun ana shu ilgʻor davolash usullari va innovatsion yondashuvlar yurtimiz sogʻliqni saqlash tizimiga ham bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Qarang, muddatidan ancha ilgari, 500 gramm va undan yuqoriroq vazn bilan tugʻilgan, hali tana aʼzolari toʻliq shakllanib ulgurmagan chaqaloqlarning yashab ketish imkoniyati avvallari deyarli 0 foizga teng boʻlgan. Endi esa ana shunday goʻdaklar hayotini ham saqlab saqlab qolsa boʻladi.
— JSST tomonidan ishlab chiqilgan mezonlarga koʻra, agar bola homiladorlikning 22-haftasida dunyoga kelib, vazni 500 gramm va undan ortiq, boʻyi 25 sm. va undan ziyod boʻlsa, u tirik tugʻilgan hisoblanadi, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova.
— Shunga qaramay, baʼzi mamlakatlarda mazkur mezonlar hanuz tegishliliga koʻra, 28 hafta, 1000 gramm, 35 sm. sifatida saqlanib qolmoqda. Bizda esa JSST tavsiyalari — amalda. Unga muvofiq, chaqaloq 22 haftadan boshlab tugʻilib, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlsa, FHDYO idoralarida qayd etiladi.
Buning uchun mamlakatimizdagi perinatal xizmat koʻrsatuvchi uchinchi darajali tugʻruq muassasalarida kam vaznli, muddatdan oldin tugʻilgan chaqaloqlarni davolash va parvarishlashga doir ilgʻor texnologiyalar joriy etilgan.
Xoʻsh, bu qanday natija bermoqda?
Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, kam vaznli — 1500 grammgacha boʻlgan chaqaloqlarning yashab qolish darajasi 2015-yilda 25 foizga teng boʻlgan. 2021-yil yakunlariga koʻra, bu koʻrsatkich 80 foizgacha yetdi.
Shuningdek, erta tugʻilgan oʻta kam vaznli, yaʼni 500 grammdan 1000 grammgacha boʻlgan goʻdaklarning yashab qolish darajasi esa 2015-yildagi 14 foizdan 40 foizgacha oshdi.
Shu asnoda bunday chaqaloqlar parvarishi, muolajasi va reabilitatsiyasi boʻyicha yurtimizda milliy tajriba shakllantirildi.
Shuningdek, 1000 —1500 gramm vaznda tugʻilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish 50 foizdan 75-80 foizgacha yuqoriladi. Oʻz navbatida, goʻdaklar oʻlimi darajasi 11,4 promilledan 9,3 promillega tushdi.
Bu — milliy tibbiyotimizda perinatal va neonatal xizmatlar sifati va qamrovi hamda kadrlar salohiyati yil sayin oshib borayotgani dalolatidir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring