5 ta universitet va 1 ta farm jamoasi qoʻshilgan yangi liga

12:30 05 Aprel 2026 Sport
420 0

Bugun, 5-aprel kuni Oʻzbekiston Professional futbol ligasi tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadigan Oʻzbekiston Pro ligasi musobaqasining yangi mavsumi start oladi.

Ushbu musobaqa soʻnggi 2-yilda oʻz tarovatini yaxshigina yoʻqotgandi. Buni musobaqada ishtirok etgan jamoalar sonidan ham bilish mumkin.

2024-yil musobaqada 8 ta jamoa ishtirok etdi. Jamoalar 3 davrali tizimda jami 26 ta turda ishtirok etishdi.

2025-yil esa musobaqa tarixida jamoalar soni kamligi boʻyicha eng past natija qayd etilgan yil boʻldi. Aniqrogʻi, oʻtgan yili Oʻzbekiston Pro ligasida atigi 6 ta jamoa qatnashdi. Musobaqalar 4 davrali tizimda jami 20 tur davom etdi va yakunga koʻra Toshkentning “Lokomotiv” klubi musobaqa gʻolibiga aylandi.

Oʻtgan yillar tajribasidan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Professional futbol ligasi yil davomida Pro liga darajasidagi jamoalar sonini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib bordi. Yuqori ligaga harakat qilayotgan klublarga futbol infratuzilmasini yaxshilash yoʻlida amaliy yordamlar berildi. Natijada 2026-yilgi mavsum oldidan Oʻzbekiston Pro ligasida ishtirok etish xohishini bildirgan jamoalar soni 20 dan oshdi. PFL esa ulardan 14 ta eng sarasini 2026-yilgi mavsumga saralab oldi.

Bu yil Oʻzbekiston Pro ligasida qaysi jamoalar ishtirok etishiga nazar tashlaymiz:

Oʻtgan yilgi mavsum Superligada soʻnggi oʻrinni egallagan, boy tarixga ega Qashqadaryo viloyatining “Shoʻrtan” jamoasi;

Bir necha yillardan beri Pro liga musobaqasida ishtirok etib kelayotgan, turnirning eng tajribali jamoalaridan biri Nukusning “Aral” jamoasi;

2024-yil faoliyati qisqa fursatga tugatilgan va yangi mavsum oldidan qayta tiklangan Bekobodning “Metallurg” jamoasi;

2028-yilgi Olimpiada oʻyinlari uchun loyiha sifatida tashkil etilgan va qariyb 4-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Toshkentning “Olimpik Mobiuz” jamoasi;

Tarkibida Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi aʼzolari toʻp surayotgan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi shafeligidagi “Respublika FA” jamoasi;

Bir necha yil muqaddam Pro liga gʻolibiga aylangan “Turon” klubining infratuzilmasi ostida yangi koʻrinish va yangi nom bilan tashkil etilgan Fargʻona viloyatining “Yaypan” jamoasi;

“BuxDU”, “TerDU”, “FarDU”, “Lochin”, “QMU Jayxun” kabi davlat universitetlari qoshidagi jamoalar;

“Paxtakor” futbol klubi tarbiyalanuvchilaridan iborat “Paxtakor” farm jamoasi;

Oʻtgan mavsum Birinchi ligada juda ishonchli oʻyin koʻrsatgan va yangi mavsum uchun oʻz oldiga jiddiy maqsadlarni qoʻygan Samarqand viloyatining “Kattaqoʻrgʻon” jamoasi;

Va oʻziga xos uslub va oʻziga xos gʻoyaga ega boʻlgan Toshkent shahrining “Gʻazalkent” jamoasi.

Endi musobaqa formatiga toʻxtalib oʻtsak. Bu yilgi Pro liga 2 davrali tizimda jami 26 ta tur davom etadi. Musobaqada gʻolib boʻlgan jamoa Oʻzbekiston Superligasiga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Pro liga turnir jadvalida 2, 3, 4 va 5-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar oʻzaro pley-offda ishtirok etishadi va gʻolib boʻlgan jamoa Superliga vakili bilan oʻtish oʻyinida ishtirok etadi.

Bu yil Pro ligada ishtirok etadigan jamoalarda yaxshi saviyali futbolchilar bilan bir qatorda tajribali murabbiylar ham koʻrinish bermoqda. Jumladan:

“Aral” — Neʼmatullo Qutiboyev;

“Kattaqoʻrgʻon” — Yorqin Nazarov;

“Lochin” — Eldor Moyliyev;

“Metallurg” — Ilhom Moʻminjonov;

“Olimpik-Mobiuz” — Farhod Nishonov;

“Respublika FA” — Jamoliddin Rahmatullayev;

“Gʻazalkent” — Zayniddin Tojiyev;

“Shoʻrtan” — Asror Aliqulov.

Bugun ushbu turning dastlabki tur oʻyinlari start oladi. 5-aprel kuni muxlislarni quyidagi oʻyinlar kutib turibdi:

“Yaypan” — “Metallurg” — 16:00

“Aral” — “Respublika FA” — 16:00

“Shoʻrtan” — “Olimpik-Mobiuz” — 17:00

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер