322 foizlik infyalsiya yoxud jahon inqirozlarining oqibatlari haqida
Dunyo tarixida qator jahon inqirozlari roʻy bergan. Bugungi pandemiya sharoitida bu kabi boʻhronlarning kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish yoʻllarini chuqur oʻrganish hamda tadqiq etish har doimgidan ham dolzarbdir. Bu oʻquvchilar uchun ham qiziq deb oʻylaymiz. Shu bois jahon iqtisodiy tizimiga taʼsir koʻrsatgan eng muhim inqirozlar haqida sizlarni tanishtirib boryapmiz. Quyida ana shu xronologiyani davom ettiramiz
11. 1893-yil. Moliyaviy inqiroz. Bu safargi inqiroz Avstraliya va AQSHda sodir boʻlgan.
Ushbu inqiroz AQSHda 1893-yilda Shermanning kumush boʻyicha qabul qilgan pakti sababli boshlangan. Paktda kumush bozorida erkin narxlar siyosatiga keng yoʻl ochilishi va barcha toʻsiqlar olib tashlanishi belgilangan edi. Ushbu pakt orqali koʻpgina investorlar AQSH oltin standartidan voz kechdi, degan uy-fikrga borishib, kapitallarini chiqarib keta boshlashgan va bu, oʻz navbatida, fond bozoriga salbiy taʼsir koʻrsatib, birja shov-shuvining avj olishiga olib kelgan. Pul taklifining kamayishi va fond bozoridagi kollaps esa bank inqirozini yuzaga keltirgan.
Avstraliya hududida esa, koʻchmas mulk bozoridagi beqarorlik sabab boʻlgan. Oʻsha paytda mazkur bozor asosan ichki kredit resurslari orqali moliyalashtirilar edi. Inqirozning avj olishiga: eksport tovarlariga boʻlgan talabning kamayishi, narxlarning keskin tushib ketishi hamda uchta yirik bankning yopilishi sabab boʻlgan. Shuningdek, banklardan Angliya depozitlarining olib chiqib ketilishi ham mavjud vaziyatni yana-da chuqurlashtirgan.
12. 1900 — 1903-yillar. Iqtisodiy inqiroz. Insoniyatning 20-asrga qadam qoʻyishi sanoat inqirozining boshlanishi bilan kechdi. Ushbu inqiroz bir paytning oʻzida Rossiya, AQSH va Yevropa mamlakatlarining metallurgiya sanoatini, undan keyin esa, kimyo, elektr-energiya va qurilish sanoatini qamrab olgan. Angliya, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Italiya, Fransiya va oʻsha paytdagi rivojlangan boshqa davlatlarda inqiroz tufayli sanoat korxonalarining birin-ketin tanazzulga uchrashi va ishsizlar safining keskin oshib ketishi sodir boʻlgan.
Real sektordagi vaziyat asta-sekinlik bilan moliya sektoriga ham oʻz taʼsirini oʻtkaza borgan. Ishlab chiqarish hajmi misli koʻrilmagan holatda pasayib ketganligi taʼkidlanadi. Statistik raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 19-asrning oxirlarida barcha rivojlangan mamlakatlarda (oʻsha paytdagi) iqtisodiy oʻsish tez surʼatlarda rivojlanib borayotgan edi. Dunyo koʻmir sanoatida ishlab chiqarish (koʻmir qazib olish) 65 foizga, choʻyanni qayta ishlash 70 foizga, poʻlat ishlab chiqarish hajmi qariyb 3 barobarga oshgan edi.
Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, inqiroz oʻzining qoʻqqisdan yuzaga kelganligi bilan xarakterlanadi. Koʻlamining kattaligi bilan Yevropani, bir yildan keyin esa, AQSH va Rossiyani oʻz domiga tortadi. Buning natijasida xalqaro savdo hajmi birdaniga pasayib ketib, koʻplab banklar oʻzlarini bankrot boʻlganliklarini eʼlon qilishga majbur boʻlishgan.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Rossiyani ham ushbu inqiroz toʻliq qamrab oladi. Dastlab yengil sanoat, uning ortidan esa, ogʻir sanoat talofat koʻra boshlagan. Oʻsha vaqtda qayd etilgan statistik raqamlarga nazar soladigan boʻlsak, inqiroz oqibatida Putil zavodining aksiyalari - 67,1%, Russ-Baltika vagon ishlab chiqarish zavodining aksiyalari - 63,4%, Nobel neft ishlab chiqarish zavodining aksiyalari - 39,7%, Bakin neft hamjamiyatining aksiyalari 67,4%, Janubiy-Sharqiy temir yoʻllarining aksiyalari - 56,2 foizga pasayib ketadi.
Yevropaga qaraganda Rossiyada inqiroz qiyinroq kechib, depressiya holatiga oʻtishga ulguradi va 1909-yilgacha davom etgan. Har qanday inqirozning salbiy oqibatlari bilan birga, ayrim ijobiy tomonlarining ham borligini unutmaslik kerak. Masalan, sanoat korxonalari yangicha rejimda ishlashga, texnika va texnologiyalar yangi avlodining shakllanishiga, ularning takomillashishiga va natijada mehnat unumdorligining keskin oshishiga olib kelgan.
Jahon inqirozi ishlab chiqarish va kapital resurslarining konsentratsiyalashuviga ham olib kelgan boʻlib, kichik korxonalarning tezda yopilishi va monopol korxonalarning esa, yashab qolishini taʼminlagan.
13. 1907-yil. Jahon moliyaviy inqirozi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, ushbu inqiroz 1906-yilda Angliya banki tomonidan hisob stavkasining 3,5 dan 6 foizga koʻtarganligi oqibatida vujudga kelgan ekan. Hisob stavkasini koʻtarishdan koʻzlangan asl maqsad Buyuk Britaniyaning oltin zaxirasini toʻldirishga qaratilganligi bilan izohlanadi.
Ushbu qaror tufayli juda ham katta hajmda kapitalning mazkur davlatga oqib kelishi kuzatiladi. Asosiy mablagʻlar manbaini esa, AQSH investorlari tomonidan Birlashgan Qirollik davlat qogʻozlarini sotib olishga yoʻnaltirilgan investitsiyalar tashkil etgan. Bu, oʻz navbatida, AQSHda salbiy oqibatlarning vujudga kelishiga sababchi boʻlgan. 1907-yilda chet-el kapitallarining Amerikadan Buyuk Britaniyaga oqib oʻtishi tufayli Nyu-York fond bozori tanazzulga uchray boshlagan va shu yilning noyabr oyiga kelib, AQSHning barcha tijorat banklarini oʻz domiga tortgan.
Fond bozorida vujudga kelgan bunday salbiy holat iqtisodiy faollikning pasayishiga, pul muassasasining (likvidlik muammosining vujudga kelishi) keskin qisqarishiga va, alaloqibat, milliy toʻlov tizimining izdan chiqishiga, shuningdek, iqtisodiy retsessiyaning vujudga kelishigi olib kelgan.
Maʼlumotlarning guvohlik berishicha retsessiya holati 13 oy davom etgan ekan. 1907-yilning yanvar va 1908-yilning noyabr oylarida Dou-Jons indeksida aks etgan aksiyalarning qiymati 48 foizgacha pasayib ketgan.
AQSHdagi vaziyat asta-sekinlik bilan Yevropaga koʻchib, 9 ta mamlakatning iqtisodiy-moliyaviy holatiga jiddiy taʼsir oʻtkazgan. Tahlilchilarning fikriga koʻra bundan oldin boʻlib oʻtgan inqirozlarning taʼsir doirasi va iqtisodiyotga koʻrsatgan zarariga qaraganda 1907-yilda boshlangan inqirozning koʻlami kattaroq boʻlgan ekan.
14. 1914-yil. Jahon moliyaviy inqirozi. Ushbu inqiroz boʻlib oʻtgan inqirozlarning ichida yagonasi boʻlsak kerak, qaysikim “domino prinsipi” asosida dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga tarqalmagan. Oʻziga xos boʻlgan ushbu inqiroz bir qancha mamlakatlarda bir paytning oʻzida boshlangan boʻlib, bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oʻtmasdan mustaqil rivojlangan va avj olgan. Inqirozning taʼsirida barcha bozorlar, xususan, moliya (pul) va tovar bozorlari zarar koʻra boshlagan.
Inqiroz birinchi jahon urushi boshlanishi arafasida sodir boʻlgan. Maʼlumki, birinchi jahon urushida 30 ta mamlakat ishtirok etgan boʻlib, umumiy yoʻqotish 10 mln.kishini tashkil etgan. Moliyaviy inqirozning yana-da kuchliroq rivojlanishiga harbiy ishlar uchun zarur boʻladigan moliyaviy mablagʻlarni tez va yetarli miqdorda topish maqsadida Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya hukumatlari tomonidan chet-el emitentlariga tegishli boʻlgan qimmatli qogʻozlarning arzon garovga sotilishi taʼsir koʻrsatgan. Shuningdek, urushning muqarrarligi aniq boʻla boshlagach, koʻplab yirik investorlar boyliklarini pul koʻrinishiga oʻtkazish maqsadida aksiya va obligatsiyalaridan tezda qutulish choralarini koʻra boshlashgan.
Birinchi boʻlib, AQSH hukumati, Avstriya-Vengriya, Rossiya va Usmonli imperiyasining qimmatli qogʻozlaridan voz kechish natijasida dollar va rublning kursi keskin pasayib frank va Britaniya funtining kursi osha boshlagan.
1914-yilning 28-iyulida boshlangan birinchi jahon urushi 1918-yilga qadar davom etgan. 27-iyuldan eʼtiboran Berlin, Vena, Budapesht, Bryussel, Peterburg va Parijda faoliyat yuritgan fond birjalari yopila boshlagan. Dunyo moliya poytaxti boʻlgan Londonga ham ushbu urush katta talafotlarni keltirdi. Oʻsha paytda qimmatli qogʻozlar bozori ichida eng yirigi hisoblangan London birjasida 11,3 mlrd. funt qimmatli qogʻozlar ayirboshlanar edi. Ushbu miqdorning (hajmning) kattaligi shu darajada ediki, hatto Parij va Nyu-York birjalarining aylanmasini qoʻshib hisoblaganda ham unga tenglasha olmas edi.
Inqiroz boshlanguniga qadar veksel bozorining kapitallashuv darajasi 500 mln. funtni tashkil etgan, uning 75 foizi tashqi savdo operatsiyalariga tegishli boʻlgan ekan. Umumiy hisobda veksel majburiyatlarining 70 mln. Germaniya va Avstriya, 60 mln. Rossiya imperiyasi va qolgani Shimoliy va Lotin Amerikasi mijozlariga tegishli boʻlgan.
Voqealar rivoji shundan dalolat beradiki, 23-iyuldan 29-iyulga qadar veksel bozori toʻliq parokanda boʻlib, oʻz faoliyatini toʻxtadi. Urush tufayli tashqi savdo operatsiyalari butunlay toʻxtab qoladi. Urushda ishtirok etgan barcha davlatlarning tashqi qarzlari keskin oshib ketadi. Xususan, Germaniyada 4 mlrd.dan 92,8 mlrd markaga; Buyuk Britaniyada 0,7 mlrd.funtdan 7,5 mlrd. funtga; Fransiyada 33 mlrd.frankdan 151,1 mlrd. frankka hamda urushda bevosita ishtirok etmagan boʻlsada, AQSHning qarzi 1,2 mlrd. dollardan 25,5 mlrd.dollarga koʻtarilgan ekan.
Birinchi jahon urushidan keyin barcha qoidalar oʻzgarib, dunyo moliya markazi Londondan Nyu-Yorkka qarab koʻchib oʻtadi. Shu paytga qadar Angliya jahonda asosiy kreditor davlat boʻlgan boʻlsa, oʻrin almashinuvi sodir boʻlib, AQSH jahonning yirik kreditor davlatiga aylanadi. Yevropa kreditor hududdan qarz oluvchi hududga aylanib qoladi. Bu esa, AQSHning katta yutugʻi edi.
Moliyaviy va bank tizimida sodir boʻlgan shov-shuvlarning oldini olish hamda inqirozning boshqa salbiy oqibatlarini yumshatish uchun AQSH va Buyuk Britaniya Markaziy banklari tomonidan oʻz vaqtida amalga oshirilgan valyuta intervensiyalari banklarni bankrotlikdan saqlab qolgan ekan.
Birinchi jahon urushi bilan birga kechgan iqtisodiy inqiroz oqibatida yoqilgʻi-energetika sohasi, qishloq xoʻjaligi, butun sanoat tarmoqlari, temir yoʻl transporti butunlay izdan chiqib ketadi.
15. 1920 — 1923-yillar. Toʻrtinchi jahon iqtisodiy inqirozi. Ushbu inqiroz birinchi jahon urushi oqibatida sodir boʻlgan retsessiya (ishlab chiqarishning qisqarishi) va undan keyin yuzaga kelgan deflyatsiya (milliy valyutalar xarid qobiliyatining koʻtarilganligi) taʼsirida vujudga kelgan. Inqiroz Daniya, Norvegiya, Italiya, Finlyandiya, Gollandiya, AQSH va Buyuk Britaniya bank va valyuta tanazzullari sababli yuzaga kelgan.
Shuningdek, birinchi jahon urushidan keyin Germaniya iqtisodiyoti oʻta ogʻir damlarni boshidan kechirishni boshladi. 1919-yilda Versal tinchlik bitimi imzolanadi. Bitimga muvofiq Germaniya va uning ittifoqchilari jahon urushida koʻrilgan zarar va talafotlar uchun aybdor hisoblandi. Bitimda reparatsiya komissiya xulosasiga tayangan holda urushda koʻrilgan talafotlarning katta qismi Germaniya hukumatining zimmasiga yuklatildi. Oʻsha paytda yetkazilgan zararning umumiy qiymati 20 mlrd. oltin markaga teng, deb baholanadi. Ushbu qarzni toʻlash Germaniya iqtisodiyoti uchun katta yoʻqotish edi. Germaniya hukumati tomonidan qarzlardan forigʻ boʻlish maqsadida oltin bilan taʼminlanmagan pullarni emissiya qilish boshlab yuboriladi. Buning natijasida nemis markasining oʻta qadrsizlanishi va aholining xarid qobiliyati keskin pasayishi yuzaga keladi. Buning oqibatida ishlab chiqarishning qisqarishi va ishsizlar sonining keskin oshib ketishiga ham olib keladi. Oʻsha kezlarda inflyatsiyaning oʻrtacha bir kunlik darajasi 322% va maksimal qiymati 32400 foizga borib yetadi. Narxlar milliard barobar oshib ketadi. Iqtisodiy tilda giperinflyatsiya sodir boʻladi.
1923-yilning yanvar oyida dollarning kursi 17972 markadan astronomik narxlarga borib yetadi (4 200 000 000 000). Bunday holat tarixda kuzatilmagan edi. Shuningdek, oʻsha paytdagi statistik raqamlarga koʻra Germaniyada bir kunlik ijara haqi – 400000, kechki ovqatlanish – 1800000 va yarim litr sut 250000 markani tashkil etgan. Oʻsha paytda ishchilarga kuniga ikki marotaba ish haqi tarqatilgan. Chunki kechga borib pulning qadrsizlanishi sodir boʻlgan.
Qoʻqon universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Sherzod MUSTAFOQULOV tayyorladi.
Davomi bor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring