30-31-may kunlari “Sof Expo Samarkand” sanoatchilarning muloqot maydoniga aylandi

17:10 31 May 2023 Jamiyat
638 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, ishbilarmonlik muhitining yaxshilanayotgani, qulay investitsiya muhitini yaratilishi hamda sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilinishi eksportbop va raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi tovar va mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.

Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “Sof Expo Samarkand” zamonaviy ko‘rgazmalar markazida  Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi hamkorligida 30-31-may kunlari bo‘lib o‘tgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari Forumini ham tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish uchun qulay muloqot maydoni bo‘ldi deyish mumkin.

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari Forumi viloyatning salohiyatidan kelib chiqqan holda avtomobilsozlik, qurilish materiallari, charm-poyafzal, mebelsozlik, elektrotexnika, turizm, oziq-ovqat sanoati, gilam mahsulotlarini namoyish qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, unda 300 dan ziyod sanoat korxonalari  o‘zlarining 1 700 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, hududiy sanoat yarmarkasi “O‘zavtosanoat” va “O‘zeltexsanoat” singari yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarda  mahalliylashtirishga qaratilgan, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirishda mahalliy tadbirkorlar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida hamkorlik qilish imkonini ham bermoqda.

- Faoliyatimizni 2019 yilda avtomobil to‘shamalari ishlab chiqarishdan boshlaganmiz, - deydi Jomboy tumanidagi “EURO MATS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muhammadjon Alimov. - Joriy yildan esa Xitoy va Rossiyadan zamonaviy uskunalar keltirib avval import qilingan “Yeva” xomashyosini korxonamizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu loyiha hozircha MDH davlatlari orasida birinchisi bo‘lib turibdi. Xomashyoni tayyorlash uchun Xitoy, Tayvan, Janubiy Koreyadan kukun holida mahsulotni keltirib, yarim tayyor holida xomashyo tayyorlaymiz. Loyihani ishga tushirish orqali 50 ta doimiy, 40 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Shu oyda Qozog‘iston va tojikistonlik ishbilarmonlar bilan mahsulot eksporti borasida 300 ming dollarlik shartnoma imzoladik. Mazkur yarmarka davomida mahalliy hamkorlar bilan kooperasiya aloqalarini kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Bu galgi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Samarqand sanoatchilari Forumida ilk bor oltin buyumlari ham ko‘rgazmaga qo‘yildi.

Darvoqe, joriy yilda shuningdek, viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan hokim yordamchilari va tashabbuskor tadbirkorlar ham ishtirok etishdi. Bu esa har bir mahallaning drayveridan kelib chiqib, hududda sanoat, ishlab chiqarishni rivojlantirish, kooperatsiya aloqalarini yo‘lga quyish orqali aholining tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga keng yo‘l ochadi.

Bundan tashqari, ko‘rgazmada viloyatda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot markazlari olimlari ham ishtirok etib, innovatsion ishlanmalari va Star tap loyihalari bilan qatnashishdi. 

Tadbir doirasida o‘tkazilgan Sanoatchilar Forumida   mamlakatimiz sanoati uchun dolzarb bo‘lgan masalalar panel sessiyalarida muhokama etildi.  

Sanoat yarmarkasi yakunida “Eng yirik sanoat loyihasi”, “Mahalliylashtirish dasturi eng faol korxonasi”, “Eng namunali eksportyor” kabi bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi. 

 

 

Abdulaziz Yo‘ldoshev

(Xalq so‘zi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер