23-oktyabr — Xalqaro qor qoploni kuni!
Shu kuni dunyoning koʻplab mamlakatlarida qor qoploni va uning ekotizimlarini saqlashni targʻib qilishga qaratilgan ekologik va maʻrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.
Qor qoploni, qor leopardi yoki irbis — Markaziy Osiyo togʻlarida yashovchi mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirik yirtqich sutemizuvchi hisoblanadi. Qor qoploni faqat sovuq iqlim sharoitida yashaydigan oilaning yagona aʻzosi. Mahalliy keng tarqalgan kichik tur boʻlib, butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida. Oʻzbekiston Qizil kitobiga va TMXI qizil roʻyxatiga kiritilgan.
Taʻkidlash joizki, qor qoploni 2024-yil 12–17-fevral kunlari Samarqand shahrida birinchi marta boʻlib oʻtadigan yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash boʻyicha Konvensiya (CMS COP14) tomonlari konferensiyasi 14-yigʻilishining ramzi sifatida tanlangan.
CMS COP14 logotipida Markaziy Osiyo yodgorliklarining mashhur plitkalarini eslatuvchi naqsh bilan bezatilgan qanotli qor qoploni tasvirlangan. Bu hayvon Oʻzbekistondagi biologik xilma-xillikning asosiy turlaridan biri boʻlib, 12 mamlakat hududida tarqalgan. Qudratli yirtqich Samarqandning afsonaviy ramzi boʻlib, butun mamlakat boʻylab “Sherdor” madrasasidan Oʻzbekiston milliy banknotalarigacha keng tarqalgan.
Xavotirli tomoni, soʻnggi oʻn yilliklarda qor qoplonining soni tobora kamayib bormoqda. Bugungi kunda yovvoyi tabiatda atigi 2700-3300 ta qor qoploni yashaydi (manba: TMXI yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan turlarning qizil roʻyxati). Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda qor qoplonlarining umumiy soni turli hisob-kitoblarga koʻra 30-50 tadan 80-120 tagacha. Gʻarbiy Tyan-Shanda 10–15 tadan 30–40 tagacha, Pomir–Oloyda – 20–30 tadan 50–80 tagacha qor qoploni qayd etilgan.
Qor qoplonini ovlash qatʼiyan taqiqlangan. Hisor, Zomin, Chotqol qoʻriqxonalari va Ugom-Chotqol milliy tabiat bogʻida muhofaza ostiga olingan. SITESning I Ilovasiga kiritilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring