21 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
21 mlrd soʻmdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar koʻrildi. Bu haqida Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qoʻmitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Quyuv-mexanika zavodi” AJ tomonidan oʻtkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash (tender) savdolari “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan.
Mazkur oʻrganishlar natijasida, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizim tashkiloti “Quyuv-mexanika zavodi” AJ tomonidan oʻtkazilgan jami 21 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan 8 ta tanlov savdolarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, yaʼni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qoʻmitaning hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring