2050-yilgacha dunyoda yuqori qon bosimi oqibatida kelib chiqadigan 76 million oʻlim holatining oldini olish mumkin — JSST
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ilk bor yuqori qon bosimining insoniyat salomatligiga salbiy taʼsiri koʻlami va buning oldini olishga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hisobotini eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, hozir dunyo boʻyicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa insult, infarkt, yurak va buyrak yetishmovchiligi kabi hayot uchun xavfli kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
1990-yildan 2019-yilgacha Yer yuzida yuqori qon bosimi xastaligi bor bemorlar soni ikki baravar koʻpayib, 650 milliondan 1,3 milliard nafarga yetdi.
Biroq dunyoda gipertoniya bilan ogʻrigan insonlarning deyarli yarmi hali oʻz kasalligidan xabardor emas, toʻrtdan uch qismi past va oʻrta daromadli mamlakatlarda yashaydi.
Shuningdek, bunday bemorlarning har besh nafardan toʻrt nafari zarur muolajalarni olmaydi.
Vaholanki, bu xastalikni davolash boʻyicha tibbiy yordam sifati va koʻlamini oshirish orqali 2023 — 2050-yillar oraligʻida 76 million oʻlim, 120 million insult, 79 million infarkt va 17 million yurak yetishmovchiligi holatlarining oldini olish mumkin.
Tahlillarga koʻra, yuqori qon bosimi xavfi yosh va irsiy omillar tufayli ortishi kuzatiladi. Qolaversa, meʼyordan koʻp tuz isteʼmoli, kam harakatlik, ichkilikbozlik, kashandalik, notoʻgʻri ovqatlanish kabi salbiy odatlar ham gipertoniyaning rivojlanishiga olib keladi.
Shu sababli bu xastalikning oldini olish, uni erta aniqlash va samarali davolash mamlakatlar sogʻliqni saqlash tuzilmalari uchun ustuvor maqsadga aylanishi shart.
Aslida esa bu xavfli dardni arzon, xavfsiz va ommabop dori-darmonlar, shuningdek, tuz isteʼmolini kamaytirish kabi boshqa usullar yordamida bartaraf etish mumkin.
JSST buning uchun amaliy davolash protokollarini soddalashtirish, dori vositalari va tibbiy buyumlar taʼminotini yaxshilash zarur, degan xulosada.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring