2050-yilda Yerdagi harorat keskin darajada koʻtariladi. Bu esa...
AQSHning Shimoliy Arizona universiteti, Vudvell iqlimni tadqiq qilish markazi, Yangi Zelandiyaning Vaykato universiteti olimlari shu boʻyicha izlanishlar olib borishdi. Qayd etilishicha, oʻttiz yillardan keyin sayyoramizdagi harorat shu darajaga yetadiki, oqibatda oʻsimliklar fotosintez qobiliyatini yoʻqotishni boshlaydi. Vaholonki, ushbu kimyoviy jarayon butun tiriklik uchun oʻta muhimdir. Bu haqda Science Advance jurnalida maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, haroratning oʻzgarishi oqibatida biosferada yangi sharoit vujudga keladi. Bu esa ortiqcha uglerodni yutish imkoniyatlarini qisqartirib yuboradi.
Ekspertlar oʻlchov qurilmalari yordamida butun dunyodagi yirik biomuhitlarga oid maʼlumotlarni oʻrganib chiqishdi. Maʼlum boʻlishicha, oʻsimliklarning uglerodni yutish “qobiliyati” tobora kamayib, aksincha, zararli gazlarni ajratib chiqarishi koʻpaymoqda. Fotosintez jarayoni uchun esa harorat diapazonining oʻz chegaralari borki, soʻnggi yillarda ayni shu samaradorlik pasaymoqda.
Xususan, eng koʻp tarqalgan oʻsimliklarda uglerodni yutish chegarasi Selsiy boʻyicha 18, boshqalarida esa 25 gradusni tashkil etadi. Olimlarning aytishicha, Yerda haroratning ortishi mazkur meʼyorlarni buzib yubormoqda. Bunday salbiy holat bugungi kunga kelib biosferaning 10 foizida kuzatilyapti.
Tadqiqotchilar Yer muhitida oʻsimliklar tomonidan antropogen uglerod tashlamalarini yutish xususiyati kelgusi yigirma yilda ikki barobarga kamayib ketishini qayd etishmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring