2024-yildagi rejalar boʻyicha vazifalar belgilanib olindi
Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida sohada joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar tahlil qilinib, kelayotgan 2024-yilda qishloq xoʻjaligida yillik oʻsishni 5% dan kam boʻlmagan miqdorda taʼminlash, sarmoyalarni jalb qilish va oʻzlashtirishni jadallashtirish hamda belgilangan eksport koʻrsatkichlarni bajarish boʻyicha aniq vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda vazir oʻrinbosarlari, markaziy apparat xodimlari, boshqarma boshliqlari, vazirlik huzuridagi tizim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari ishtirok etib, mavzu yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Yigʻilish davomida vazir Ibrohim Abdurahmonov 2024-yilda sohani rivojlantirishda amalga oshiriladigan 6 ta yoʻnalish boʻyicha alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, 2024-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, jumladan, hosildorlikni paxtada 50 sentnerga, gʻallada 100 sentnerga oshirish boʻyicha ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarni amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yilqichilik va tuyachilikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, shuningdek, “Raqamli qishloq xoʻjaligi” integratsion platformasi orqali raqamlashtirilgan xizmatlar yagona nuqtadan koʻrsatilishini yoʻlga qoʻyish haqida taʼkidlab oʻtdi.
Bundan tashqari, yigʻilishda vazir qishloq xoʻjaligini moliyalashtirish boʻyicha, Turkiya va Ozarbayjon tajribasi asosida yangi sugʻurta tizimini tashkil etish, bu boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish, investitsiya va grant loyihalari boʻyicha sohaga xalqaro donor tashkilotlaridan 54 ta loyiha doirasida 725 mln dollar grant mablagʻlarini jalb qilish, ilm-fan ishlab chiqarish integratsiyasi boʻyicha, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi negizida Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga zaruriy tavsiya va topshiriqlar berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring