2022-yilda yurtimizda Oʻzbekiston — Hindiston tibbiyoti oyligi oʻtkaziladi — Amrillo Inoyatov 

22:51 28 Dekabr 2021 Jamiyat
1917 0

Yaqinda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Hindistonda boʻlib qaytdi. Ushbu safar, unda erishilgan kelishuvlar haqida maʼlumot olish uchun Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatovga murojaat qildik.

«Yakunlanayotgan yil Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida oʻzgarishlar va taʼbir joiz boʻlsa sinovli oʻtdi, desak mubolagʻa emas. Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarda boʻlgani kabi, tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlarni xalqimiz koʻra boshladi. Yangi Oʻzbekistonning tibbiyotdagi bu oʻzgarishlari yurtimiz sogʻliqni saqlash sohasini yangi bosqichga olib chiqmoqda.  Shundan kelib chiqib, kirib kelayotgan 2022-yil Oʻzbekiston tibbiyotida misli koʻrilmagan oʻzgarish va yangilanishlar yili boʻlishi, shubhasiz. Oʻtgan haftada jahonning tibbiyoti juda rivojlangan davlatlaridan biri — Hindistonda boʻlib qaytdik.

Ushbu davlatdagi hamkasbimiz — Hindiston Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari va bir qator dunyoda mashhur yirik tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari hamda yetakchi universitetlari rahbariyati bilan uchrashib, xalqimizga katta manfaat keltiradigan kelishuvlarga erishdik.

Jumladan, “Apollo Hospitals”, “Medanta Hospital” va “Sharda Hospital” kompaniyalari va LNCT University kabi 20ga yaqin yetakchi muassasalar bilan kelishuvlar imzolandi. 

Ulardan biri — oʻzaro kelishuvga koʻra Fargʻona viloyatida koʻp tarmoqli tibbiyot markazi va bolalar kardioxirurgiyasi, transplantologiya va onkologiya yoʻnalishi boʻyicha tibbiyot universiteti filiali tashkil etiladi.

Shuningdek, Hindistonning 15 ta yirik tibbiy kompaniyalari bilan aloqalar oʻrnatdik. Turli xil jarrohlik tibbiy muolajalari olish uchun yurtimizdan borgan vatandoshlar bilan uchrashdik, ularga imkon qadar koʻmak berishga harakat qildik.

Xalqimizning yirik jarrohlik amaliyotiga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, 2022-yilda yurtimizda “Oʻzbekiston — Hindiston” tibbiyoti oyligini oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Mazkur oylik doirasida mamlakatimizning turli hududlarida tibbiy koʻriklar, muolajalar va jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi. Bu esa har bir bemorning juda katta miqdordagi mablagʻi tejalishiga olib keladi», deydi Amrillo Inoyatov.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер