2020-yilda Oʻzbekistonga qancha investitsiya jalb etildi?
2020-yilning yakunlari boʻyicha asosiy vositalarga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 2019-yilning shu davriga nisbatan 101,5 foizni yoki 6,6 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida boʻlib oʻtgan brifingda aytib oʻtildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, investitsiya dasturi doirasida 197 loyiha amalga oshirildi va shuning hisobiga 38 ming ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturlari doirasida jami 59,1 trln soʻmlik 10 586 loyiha amalga oshirildi va bu 131,5 mingta yangi ish oʻrni tashkil etilishiga imkon berdi.
Shuningdek, uchrashuvda tashqi savdo faoliyati koʻrsatkichlari koʻrib chiqildi – jumladan, 2020-yil yakunlariga koʻra, eksport hajmi 15,1 mlrd. dollarni tashkil etgani taʼkidlandi. Shu bilan birga, 47 turdagi yangi mahsulotlarni eksportga yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi va bir qator mamlakatlarning yangi istiqbolli bozorlariga chiqishga erishildi.
Aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadida eksport qiluvchilarga berilgan kreditlar miqdorining 50 foizigacha boʻlgan qismini kafolatlash tartibi ham yoʻlga qoʻyildi.
2021-yilda prognozga asosan, xorijiy investitsiyalar hajmi 10,5 mlrd. dollarni tashkil etadi, shundan 7,6 mlrd. dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir. Oʻz navbatida, 226 ta yirik, yuqori iqtisodiy ahamiyatga ega sanoat loyiha ishga tushiriladi va 34 mingta ish oʻrni tashkil etiladi.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 94,8 trln soʻmlik mablagʻ oʻzlashtirilishi va 7106 investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan boʻlib, buning natijasida qariyb 162 mingga yangi ish oʻrni yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring