Pillachilik va qorakoʻlchilik: taraqqiyotning yangi imkoniyatlari
2021-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasida mazkur sohalardagi xalqaro hamkorlik istiqbollariga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, ipakchilik va qorakoʻlchilik Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining qadimgi va anʼanaviy turlaridan biri sifatida iqtisodiyotimizda muhim oʻrin tutadi. Bugungi kunda mazkur sohalar iqtisodiy va investitsion salohiyati boʻyicha agrosanoat majmuining muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, Oʻzbekiston ipak ishlab chiqarish hajmlari boʻyicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi oʻrinni egallaydi. Shu jihatdan ipak – valyuta tushumlarining ishonchli manbai hisoblanadi. Sohadan olinayotgan hosilning 70 foizi xom-ashyo, quritilgan pilla, ipak kalava va mato koʻrinishida Hindiston, Eron, Xitoy, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlarga eksport qilinadi. Bundan tashqari, pillachilik qishloq joylaridagi koʻplab oilalar bandligini taʼminlaydi. Shu jihatdan mazkur soha investitsiyalar uchun jozibador tarmoq hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan soʻnggi yillarda pillachilik sohasida boshlangan islohotlar bugungi kunda oʻz natijasini bermoqda. Xususan, 2020-yilda ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida, mavjud tutzorlar 50,2 ming gektarga yetkazildi.
Tizim korxonalarini pilla xomashyosi bilan mutanosib taʼminlash natijasida tarmoqda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 94 foizni (2016-yilga nisbatan 5 baravar oshdi) tashkil etib, 1200 tonna xom ipak (oldingi yilga nisbatan oʻsish 120 foiz), 800 tonna ipak momigʻi (118 foiz), 2557 ming p/metr ipak mato (119 foiz), 800 tonna ipak chiqindi (119 foiz), 250 dona ipak gilamlari (2,7 baravar koʻp) ishlab chiqarildi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va modernizatsiya tadbirlariga jami 95,3 mln dollar investitsiya mablagʻlari jalb etildi.
Pandemiya sababli butun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, xorijiy hamkorlar bilan yoʻlga qoʻyilgan samarali aloqalar natijasida, 2020-yilda tarmoq korxonalari tomonidan 76,5 mln dollar (yillik prognoz 73,8 mln doll.) miqdorida ipak mahsulotlari eksport qilindi.
Oʻzbekistonda soha rivojiga davlat darajasida berilayotgan eʼtibor tufayli qorakoʻlchilikda ham salmoqli natijalarga erishilyapti. Xususan, zotli qoʻylarning mahsuldor nasllarini joriy qilish maqsadida Qashqadaryo viloyatida qora va koʻk rangli, Navoiy viloyatida Buxoro suri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida Qoraqalpoq suri boʻyicha nasldor qorakoʻl qoʻylarini yetishtirishga ixtisoslashgan naslchilik ilmiy tajriba stansiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
2020-yilda olib borilgan naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etilishi natijasida 15 ming bosh yuqori naslli qorakoʻl zotli qoʻylar tayyorlanib, aholi va fermer xoʻjaliklariga yetkazib berildi.
Qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha soha rivojlangan Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yiliga 200-250 ming dona qorakoʻl va qoʻy terisini chuqur qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarini tashkil etish ishlari yakunlanmoqda.
Aholi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida yetishtirilayotgan qorakoʻlchilik mahsulotlarini, jumladan qorakoʻl teri va qoʻy juni xomashyolarni yigʻib tayyorlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda tayyorlov maskanlari tashkil etildi.
Shuningdek, yigʻilishda 2021-yilda pillachilik va qorakoʻlchilik sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Jumladan, qorakoʻlchilikda 15 ming tonna jun, 608 ming dona qorakoʻl teri, 6 ming tonna ip kalava ishlab chiqarilishi, 281 ta yangi korxona tashkil etish rejalashtirilgan.
Pillachilik sohasida ham 2021-yilda «Oʻzbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlarini eksport qilish hajmi 86,6 mln. AQSH dollarini tashkil etishi, 935,7 ming dona tayyor ipakli mahsulot, 9154,7ming p.m ipak mato ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring