2016-yildan buyon Samarqandda tabiiy gaz isteʼmolchilari soni qariyb 60 mingtaga oshdi. Taʼminot-chi?
Foto: “Xalq so‘zi”
Bugun Samarqand viloyati hududlarida ham shaharsozlikni rivojlantirish chora-tadbirlari natijasi oʻlaroq har yili yuzlab yangi turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari qad rostlamoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan tabiiy gaz isteʼmolchilari safi ham kengayib borishiga olib kelyapti. Xususan, 2016-yildan buyon ularning soni viloyatda salkam 60 mingtaga oshdi. Agar bundan besh yil oldin isteʼmolchilarga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 775 million 659 ming m3 ni tashkil etgan boʻlsa, shu yilning oʻn oyida bu raqam 1 milliard 260 million 12 ming m3ga yetdi.
Samarqand viloyatidagi tabiiy gaz tarmoqlari oʻtgan asrning 60-yillarida barpo etilgan boʻlib, soʻnggi yillarda, ayniqsa, qishning sovuq kunlarida tabiiy gaz tarmogʻining soʻnggi nuqtalarida taʼminot borasida muammolar kuzatilar edi. Jumladan, Samarqand shahrining Siyob hududida yashovchi aholi bir necha yillardan buyon qish oylari tabiiy gaz bosimi pastligidan qiynalib kelardi. Joriy yildan mazkur muammolar bartaraf etildi.
– Oqdaryo gaz taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahrining Panjekent koʻchasigacha 11, 5 km masofada yangi gaz quvurlari tortildi,– deydi “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali direktori Ansor Muhammadiyev. – Mazkur inshoot ishga tushirilgach, Samarqand shahrining Siyob hududidagi 20 ga yaqin mahalladagi 15 mingdan ortiq aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik subyektlarida tabiiy gaz bosimi yaxshilandi. Buning uchun “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan 14 milliard soʻmga yaqin mablagʻ sarflandi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi Amir Temur va Gagarin koʻchalari kesishmasidan Firdavsiy koʻchasiga uzunligi qariyb 0,5 kmlik tabiiy gaz quvuri tortildi. Natijada bir necha yillardan buyon kuz-qish mavsumida gaz bosimi pastligidan aziyat chekib kelgan Mirzo Ulugʻbek, Lolazor, Ahmad Yassaviy, Maftunkor, Dukchiyon, Temirqishloq mahallalarida tabiiy gaz taʼminoti barqarorlashdi. .
Qish-qirovli kunlarda “zangori olov” bosimining keskin pasayib ketishi Urgut tumani markazidagi koʻp qavatli uylar va xonadonlarda yashovchi aholining ham tashvishiga aylangan edi.
– Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Urgut tumanidagi gaz taqsimlash kollektoridan D-219 mmli uzunligi 1, 5 km yuqori bosimli gaz quvurlari tortildi,– deydi “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali qurilish boʻlimi boshligʻi Aʼzam Boboaliyev. – Bundan tashqari Urgut erkin iqtisodiy zonasi uchun Toyloq gaz taqsimlash stansiyasidan 29,5 km yangi gaz tarmogʻi ishga tushirildi.
“Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali tomonidan 2021-2022-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha maxsus reja-jadval ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur rejaga koʻra, amaliy ishlar joriy yilning aprel oyidan boshlab yuborilgandi. Bugunga kelib 4,9 km gaz quvurlarni mukammal taʼmirlanib, 6,45 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. Shu bilan birga viloyatdagi jami 8 ming 815 dona gaz taqsimlash qutilarini taftish qilish, 54 ta gaz taqsimlash punktlarida mukammal taʼmirlash ishlari oktyabr oyigacha yakuniga yetkazildi.
2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Samarqand viloyatida jami 498 397 ta suyultirilgan gaz isteʼmolchilari roʻyxatga olingan boʻlib, shu yilning oʻtgan oʻn oyida ularga 65 532 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari yetkazib berildi.
– 2021-yildan “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan respublika boʻylab suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda toʻliq avtomatlashtirilgan tizim joriy etilganidan xabaringiz bor,– deydi “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali direktori oʻrinbosari Xurshid Meliyev. – Bugungacha viloyatda isteʼmol uchun maishiy gaz ballonlarning 565 746 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar oʻrnatildi. 479 339 ta isteʼmolchiga ID-kartalar tarqatildi. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, sohada avtomatlashtirilgan tizimning joriy etilishi isteʼmolchilardan suyultirilgan gaz boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlarning keskin kamayishiga sabab boʻlmoqda.
Ayni kunlarda viloyatda isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kunni tashkil qilmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring