14-martdan Buxoroda isitish mavsumi tugaydi
Joriy yilning 14-mart kunidan boshlab Buxoro viloyatida isitish mavsumi yakunlanadi. Bu haqda viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Respublika hududlarida havo haroratining bir kecha-kunduzda oʻrtacha 10 darajadan yuqori boʻlayotgani inobatga olib, viloyat hokimining tegishli farmoyishiga asosan “Buxoroenergomarkaz” AJ hamda “Issiqlik manbai” DUK tasarrufidagi barcha isitish qozonxonalarining faoliyati joriy yilning 14-mart sanasidan boshlab toʻxtatiladi.
“Koʻp kvartirali uylarni issiq suv bilan uzluksiz taʼminlash ishlari davom ettiriladi”, deyiladi boshqarma xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, texnik jarayonlar davomida issiq suv taʼminotida vaqtinchalik uzilishlar yoki issiq suv joʻmraklaridan qisqa muddat zangli suvlar oqishi kuzatilishi mumkin.
Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi shuningdek, yetkazilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻragan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring