13 nafar fan olimpiadasi gʻolibiga 1 million soʻmdan pul mukofoti topshirildi

17:13 21 Dekabr 2023 Jamiyat
495 0

Foto: "Xalq soʻzi"

Shu kunlarda Samarqand viloyatining barcha shahar va tumanlarida hokim va yoshlar uchrashuvlari oʻtkazilmoqda. Bulungʻurda tuman hokimi Samandar Astonovning yoshlar bilan uchrashida yil sarhisob qilinib, yigit-qizlarni oʻylantirib kelayotgan masalalarga yechim topishga harakat qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda turli yoʻnalishlar boʻyicha muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlar, ularga yaqindan koʻmak berayotgan yetakchilar, masʼullar taqdirlandi.

Xususan, tuman hokimi stipendiyasi uchun toʻrtinchi bor oʻtkazilgan fan olimpiadasining 13 nafar gʻolibiga bir million soʻmdan pul mukofoti topshirildi.

Shuningdek, fan olimpiadasining viloyat bosqichi gʻoliblari boʻlgan 10 nafar, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti uchun oʻtkazilgan tanlovning viloyat bosqichida yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan 3 nafar yosh ham taqdirlandi. Oʻtayotgan yil davomidagi faoliyati natijadorligi yuqori baholangan 8 nafar yoshlar yetakchisiga, bundan tashqari yoshlar bilan ishlashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan 5 nafar nuroniyga tuman hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Payariq tumani hokimi Isroil Jabborovning yoshlar bilan uchrashuvi ham ochiq muloqot tarzida oʻtdi.

Bugungi kunda tumanda 30 yoshgacha boʻlganlar 136 ming nafarni, jumladan, 14-30 yoshlilar 70 mingdan ortiqni tashkil etadi. Yakuniga yetayotgan yilda 3034 nafar ijtimoiy, moddiy va maʼnaviy koʻmakka muhtoj yigit-qiz mahallalardagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Yil davomida ularga turli shakllarda yordam koʻrsatilib, 2369 nafar yoshning bandligi taʼminlandi, 92 nafariga kredit, 154 nafariga yer berildi.

Uchrashuvda koʻproq yoshlarning fikrlari eshitildi. Ular oʻzlari va tengdoshlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan hokim va boshqa rahbarlarga murojaat qildi.

Uchrashuvda yoshlar vakillari va 2023-yil davomida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan mahallalardagi yoshlar yetakchilariga tuman hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari, badiiy adabiyotlar toʻplamlari topshirildi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер