12 mln 231 ming metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarildi
Bu haqda «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahalliy keramik plitkalari dunyoda oʻz oʻrniga ega. Boisi, ushbu mahsulotlarga nafaqat mahalliy balki, jahon bozorida talab oʻsib bormoqda. Shu bois korxonalar tomonidan yangi texnologiyalar oʻrnatilib, ishlab chiqarish hajmi kengaytirilyapti.
Tahlillarga koʻra, yanvar-may oylarida respublikada mavjud sanoat korxonalarida jami 12 mln 231 ming metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarilgan. Eʼtiborlisi, uyushmaga aʼzo korxonalar tomonidan 6 mln 750 ming metr kvadrat mahsulot tayyorlangan. Eng koʻp mahsulot Fargʻona viloyatida joylashgan yillik quvvati 4,3 mln metr kvadrat boʻlgan “MODERNA CERAMIC INDUSTRIES FERGHANA” MCHJ HK tomonidan tayyorlangan. Oʻtgan davra mobaynida korxonada 2,635 mln metr kvadrat mahsulot ishlab chiqarilgan. Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan eksportyor korxonalardan biri “Prime ceramics” MCHJda shu kungacha 1,426 mln metr kvadrat keramik plitkalar mijozlarga yetkazilgan. Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sirdarya Ceramic Production” MCHJ QKda hisobot davrida 2,030 mln metr kvadrat mahsulot tayyorlangan.
Shuningdek, “NATIONAL CERAMICS” MCHJ QK (1,362 mln metr kvadrat), “Great wall ceramic industries” MCHJ (819 ming metr kvadrat), “Orient-ceramic” MCHJ (759 ming metr kvadrat), “Premium elegant ceramics” MCHJ (230 ming metr kvadrat), “Lyux Granit” MCHJ (686 ming metr kvadrat), “Flate Tile” MCHJ (720 ming metr kvadrat) kabi korxonalar tomonidan mahalliy keramik plitkalar xaridorlarga yetkazilgan.
Eʼtiborlisi, oʻtgan davrda korxonalar tomonidan 12 ,8 mln dollarlik keramik plitkalar eksport qilingan. Bu borada “Prime ceramics” MCHJ, “Orient-ceramic” MCHJ va “Moderna ceramic industries Fergana” MCHJ larida koʻrsatkichlar yuqori hisoblanadi. Milliy mahsulotlarimizni eksport qilishda Qozogʻiston Respublikasi peshqadam hisoblanadi. Qoʻshni davlatga 4 mln 485 ming metr kvadrat keramik plitkalar yetkazib berilgan. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi 4,190 mln dollarlik, Qirgʻiziston esa 2,167 mln dollarlik mahsulot xarid qilgan. Eʼtiborlisi, yurtimizda ishlab chiqarilgan keramik plitkalar Yevropa davlatlari Rossiya Federatsiyasi (37,3 ming metr kvadrat) va Ozarbayjon (104,783 metr kvadrat)ga ham eksport qilingan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring