11-noyabr kuni ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qoʻshilyapti
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida dastlab “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda u yerda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun loyihasi ham tom maʼnoda yuqoridagi maqsadga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari 2023-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda foyda soligʻini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari bilan toʻlashi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi nodavlat taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (oʻqituvchilari) 2022-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 1-oktyabrga qadar boʻlgan davrda konsullik yigʻimini toʻlashdan ozod qilish kabi yana qator imtiyozlar nazarda tutilyapti.
Deputatlar qonun loyihasining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori ekanini alohida taʼkidlab, qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashdi.
Yigʻilishda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
— Ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilyapti, — deydi parlament quyi palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Firdavs Sharipov. — Yaʼni, 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini ishlanmaydigan bayram kunlari qatoriga qoʻshish belgilanmoqda. Shu jihatdan, mazkur qonunning qabul qilinishi xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlash tizimini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Koʻplab savollar oʻrtaga tashlandi va ularga batafsil javoblar olindi. Qizgʻin kechgan baxs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi maʼqullandi.
Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring