101 yoshli oʻzbek jangchisiga Belarus prezidenti ehtirom koʻrsatdi
Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich Olmaliq shahridagi Yangiobod koʻchasi, 10-uyda istiqomat qiluvchi 101 yoshli Abdurahim ota Mavlonov xonadoniga ikkinchi bor tashrif buyurdi. Elchi oʻtgan yili otaxonning tabarruk 100 yoshga toʻlishi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy sovgʻasi “Damas“ avtoulovini topshirish tantanasida ishtirok etib, tortilgan osh dasturxonida mehmon boʻlgandi. Oʻshanda Leonid Marinich ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 74-yilligi munosabati bilan Abdurahim Mavlonovni Belarus Respublikasi prezideniti nomidan tabriklab uning oilasiga “Belarus“ traktori sovgʻa qilgandi.
Elchining bu yilgi tashrifi ham oilaga katta quvonch keltirdi. Leonid Marinich Abdurahim Mavlonov bilan samimiy koʻrisharkan: “Oʻtgan yilgi oshning taʼmi ogʻzimizda qoldi ota”-deya hazilomuz gap boshladi. “Shundaymi, barakalla, barakalla. “Mehmon otangdek ulugʻ”-deydi xalqimiz. Osh boʻlsa, osh-da bolam”-deydi otaxon mehmonga quchoq ocharkan.
Rasmiy mehmon bu gal Abdurahim Mavlonovga Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning dil soʻzlari bitilgan tabrik maktubini va “Belorussiyani nemis-fashist bosqinchilaridan ozod qilinganligining 75-yilligi” medalini topshirdi. Prezident A. Lukashenko yoʻllagan maktubda jumladan bunday deyiladi: “Xaloskorlar! Sizga cheksiz hurmat va shon-sharafimiz boʻlsin! Boshimiz yerga tekkunicha taʼzimdamiz! Sizlarga mustahkam sogʻlik va jamiki ezguliklarni tilaymiz!”.
—Mamlakatimiz prezidenti oʻz maktublarida takidlaganlaridek, oddiy askar Abdurahim Mavlonov qarshisida doimo hurmat keltirib bosh egamiz, — deydi elchi janoblari. — U kishining va barcha oʻzbek jangchilarining mamlakatimiz hududini nemis bosqinchilaridan himoya qilishdagi, ayniqsa, 1944-yil 3-iyulda Minsk shahrini ozod etilishidagi qahramonona jasoratini Belarus xalqi hech qachon unutmaydi. Mamlakatimiz tuproqlarida shahid ketgan oʻzbek yigitlari xotirasi qalbimizda mangu yashaydi.
Mehmonlar urushdan keyingi yillarda Quyi Chirchiq tumanida istiqomat qilgan Yergesh Kochkarbayev, Toshpoʻlat Musurov, zangiotalik Tojiboy Azizov, Isanali Moʻydinov, Toshkent tumanidan Xidoy Asqarov, boʻkalik Anarboy Jalilov, piskentlik Sirojxon Saidmaxmudov, chirchiqlik Grigoriy Kolosovlarni Belarus xalqi oʻz xaloskorlari sifatida eʼzozlashini alohida taʼkidlashdi.
Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring