10 yillik muammoga yechim topildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Andijon viloyatida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash ishlari davom etmoqda. Jumladan, Izboskan tumanidagi “Qumko‘cha” MFYda 10 ming 600 metr masofaga yangi suv quvurini tortish ishlari yakunlanish arafasida. Shuningdek, “Fayz binokor” MChJ tomonidan ushbu manzilda yangi suv qudug‘ini ishga tushirish ishlari olib borilyapti.
— O‘n yildan beri mahallamizda suv muammosi mavjud edi, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Diloromxon Xolbo‘taeva. — Bu davr mobaynida ariqdan suv tashib ichdik, ayrim xonadonlar qo‘lbola suv chiqarish moslamasidan foydalandi. Shukrkim, bugun mahallamizda quvur tortish ishlari olib borilib, muammolarimiz ortda qoldi. Sharoitimiz kundan-kunga yaxshilanib borayotganidan xursandmiz.
Hozirda mahallaning uchta ko‘chasida ichimlik suvi bilan bog‘liq bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Loyiha foydalanishga topshirilgach, 3,5 ming nafar aholining so‘nggi 10 yilda yuzaga kelgan eng katta muammosi ijobiy yechim topadi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring