Bitiruvchilar diplom olishlarida duch kelayotgan soxta toʻsiqlar qachon olib tashlanadi? — XDP muammoga jiddiy munosabat bildirdi
Bugungi kunda bitiruvchilar diplom olishlarida yuzaga kelayotgan muammolar haqida Xalq demokratik partiyasi oʻz munosabatini bildirdi.
"Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilariga diplom berilmayotgani va uni olishdagi qiyinchiliklar qizgʻin muhokama etilmoqda. Bunga ishga kirganlik haqida maʼlumotnoma va mehnat daftarchasidan nusxa talab etilayotgani sabab boʻlmoqda ekan. Bu talab barchaga – davlat granti, shartnoma asosida taʼlim olganlarga ham, magistraturaga oʻqishga kirganlarga ham tegishli ekani maʼlum qilingan.
Bitiruvchilarga bu tartibda diplom berish qanday asoslarga koʻra joriy etilgan va u qanchalik qonuniy?
Afsuski, ushbu jarayonga va bu kabi savollarga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi sukut saqlashdan boshqa javob bergani yoʻq. Bitiruvchilarning diplomini bosib turgan 32 ta universitet va institutlar maʼmuriyati ham ogʻziga talqon solib olgan. Shamol boʻlmasa daraxtning shoxi qimirlamaydi. Demak, bayon etilgan noqonuniy holatlar sodir etilyapti va mutasaddilar oʻz harakatlarini nima deb izohlashni bilmaganliklaridan koʻzlarini yumib, quloqlarini berkitib olganlar.
Rostini aytish kerak, ilgari ayrim oliy oʻquv yurtlarda shunday tartib bor edi. Davlat granti asosida taʼlim olganlarga yoʻllanma bilan yuborilgan joyda belgilangan muddatgacha ishlab berilmasa diplom berilmas, toʻlov-shartnoma asosida oʻqiganlar esa ishga kirganligi xususida maʼlumotnoma olib keltirishi va bu bilan davlat bandlik rejasi bajarilishiga oʻz “hissasi”ni qoʻshishi shart edi. Ushbu masalaga munosabat bildirgan ayrim yurtdoshlarimiz oliygohlardagi byurokratiya tufayli diplomlarini bitirganlaridan soʻng oʻn yil oʻtib olganliklarini bildirgan!
Mamlakatimizda barcha sohalarda tub oʻzgarishlar kuzatilyapti. Bundan taʼlim tizimi ham mustasno emas. Afsuski, oliy taʼlim sohasida butun jamiyat oʻzgarayotgan paytda yarq etgan bir oʻzgarishni sezmadik. Aksincha, bitiruvchilarga diplom berilishida eski davrga xos uslubni saqlab qolmoqda. Bunday holatlarni hozirgi kunda aslo qabul qilib boʻlmaydi.
Xalq demokratik partiyasi oliy taʼlim tizimida bunday qonunga zid tartib-tamoyillar davom etayotganidan taassuf bildiradi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bitiruvchilarga diplom berilishi bilan bogʻliq sodir etilayotgan salbiy holatlarni bartaraf etishiga umid qiladi" deyiladi OʻzXDP Axborot xizmati maʼlumotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring