5600 dollarga avtomoyka uchun yer olib bermoqchi boʻlgan “hokimlik xodimi” qoʻlga tushdi
4-fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga N.O. ismli fuqaro ariza bilan murojaat qilib, unda oʻzini Olmazor tumani hokimligining xodimi deb tanishtirgan “Bekzod” ismli shaxs tuman hududidan avtomashina yuvish shahobchasi biznesini yuritish uchun yer olib berishga tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga hokimlik masʼul xodimlariga berish uchun 5.000 AQSH dollari va davlat boji uchun 600 AQSH dollari berishini talab qilib, shundan davlat boji uchun 600 AQSH dollari olganligini va qolgan 5.000 AQSH dollari hisobidan oldindan 800 AQSH dollari berishini talab qilayotganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Bu haqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar qildi.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi fuqaro U.B. Shayxontohur tumanidagi “Beruniy” metro bekati yaqinida arizachidan 800 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Dastlabki surishtiruv jarayonida fuqaro U.B. 2018-yilda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 28,211-moddalarida koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlanganligi aniqlangan.
Hozirda fuqaro U.B. Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi tartibida ushlanib, unga nisbatan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring