Ziyorat turizmini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

21:35 07 Noyabr 2022 Siyosat
701 0

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Taʼkidlanganidek, mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalar bozorida kontrafakt va qalbakilashtirilgan mahsulotlar uchramoqda. Qolaversa, kontrafakt kimyoviy vositalarni yoʻq qilish masalalari tartibga solinmagan.

Shuningdek, mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalarning qishloq xoʻjaligida foydalanilishida nazorat mexanizmining yetarli darajada taʼminlanmagani, qonun normalarida ular bilan ishlash qoidalarining aniq belgilanmagani maʼlum darajada aholi salomatligiga ham xavf tugʻdirmoqda.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi hududlarida tuproqning turli xil zararli kimyoviy birikmalar bilan zararlanish darajasini pasaytirish, oʻsimliklarni biologik himoya qilish usullaridan foydalanishni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratiladi.

Muhokamalar davomida partiya saylovoldi dasturida qishloq xoʻjaligida “hayotiy va samarali” dehqonchilikni qoʻllab – quvvatlash, bu borada rivojlangan demokratik mamlakatlarning ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari sanoatini ragʻbatlantirishning turli mexanizmlarini qoʻllash sohasidagi tajribasidan keng foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangani qayd etildi.

Fraksiya aʼzolari shundan kelib chiqqan holda qonun loyihasi boʻyicha partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, bir qator takliflarni berishdi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi orqali bosqichma-bosqich oʻsimliklarni himoya qilishda zararli organizmlarga qarshi kimyoviy kurash usulidan biologik qarshi kurash usuliga oʻtilishi aytilib, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda “Izmir shartnomasini (Izmir, 1996-yil 14-sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ham birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Deputatlarning aytishicha, Oʻzbekistonning ulkan turistik salohiyati, Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy, jahonga mashhur shaharlarning mavjudligi hamda islom dunyosining koʻplab ziyoratgohlari joylashganini inobatga olib, IHT doirasida ushbu sohadagi hamkorlikni faollashtirish Oʻzbekistonda ziyorat turizmi sanoatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер