JSST vakili: Oʻzbekiston ogʻir vaziyatda ham birdamlikni namoyish etmoqda
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tashkilot va Oʻzbekistonning COVID-19 ga qarshi kurashdagi qoʻshma harakatlari, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida ilgari surgan tashabbuslari, pandemiya ustidan gʻalaba qozonish uchun birgalikdagi intilishlar ahamiyati haqida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Insoniyat 100 kundan buyon koronavirus infeksiyasi bilan kurashmoqda. Bugungi kunda Yevropa mintaqasi, Amerika Qoʻshma Shtatlari pandemiya oʻchogʻiga aylanib ulgurdi va bizda tashvishlanish uchun jiddiy asoslar saqlanib qolmoqda.
Afsuski, Yevropa davlatlari kabi Markaziy Osiyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda ham koronavirus aniqlanish holatlari oʻsishda davom etmoqda.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va dunda pandemiya rivojlanishiga qarshi kurashmoqda.
Ayni paytda COVID-19 tarqalishiga chek qoʻyish uchun aholini tekshiruvdan oʻtkazish uchun bemorlarni yakkalash, ularni parvarish qilish va har bir muloqotga kirishgan insonni kuzatish uchun kompleks strategiya talab etiladi. Shu bilan birga, tibbiy yordamga muhtoj guruhlar uchun tibbiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatini yaratish muhimdir.
Bugungi kunda infeksiyaga qarshi kurashda umumiy yondashuv, jamoaviy javobgarlik va bagʻrikenglik alohida ahamiyatga ega. Axir, virusni yengishda hech kimning beparvo boʻlishiga haqi yoʻq.
Asosiy vazifalardan yana biri – bu tibbiyot xodimlarini himoya qilishdir. Zero, tibbiyot xodimlari sogʻliqni saqlash tizimining asosi boʻlib, ular kuchi har doim ahamiyatli.
JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi barcha milliy tashkilotlar va muassasalar bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda. Xususan, mamlakatingiz Sogʻliqni saqlash vazirligi bizning asosiy hamkorimizdir.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlari kabi Oʻzbekiston uchun ham laboratoriya reaktivlari, dori-darmon vositalari, tibbiy buyumlar va shaxsiy himoya vositalari, bemorlarga gʻamxoʻrlik qiladigan tibbiyot xodimlariga talab bor. Ushbu ehtiyojlarni qondirish maqsadida JSST Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimiga yordam berishni davom ettiradi.
Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro yordamni jalb qilish va bu borada JSST vakolatini kengaytirish boʻyicha takliflarini qoʻllab-quvvatlaymiz. COVID-19 pandemiyasi chegara bilmaydi, u dunyoning barcha mamlakatlarini qamrab oldi.
Oʻzbekiston ogʻir vaziyatga qaramay, birdamlikni namoyish etmoqda. Xitoy, Afgʻoniston, Eron, Qirgʻiziston, Tojikiston, Vengriya, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon davlatlariga insonparvarlik yordamini koʻrsatib, ularni qoʻllab-quvvatladi. Ishonchim komilki, ular buni minnatdorlik bilan eslashadi.
Ushbu ogʻir davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev onlayn tarzda tashkil qilingan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida faol ishtirok etdi. Uning faoliyati natijalari bilan faxrlanish mumkin – Oʻzbekistonning barcha takliflari ushbu forumning yakuniy hujjatida oʻz aksini topdi.
JSST, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning ushbu mintaqaviy tashkilot bilan hamkorlikni oʻrnatish taklifini yuqori baholaydi.
Hurmatli oʻzbekistonliklar!
Kelayotgan haftalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi va Oʻzbekiston tomonidan koʻrilayotgan choralar infeksiyani toʻxtatishga imkon berishiga umid qilamiz. Ammo bir zum boʻlsa-da, xotirjamlikka berilishga haqimiz yoʻq. Biz chekinmasligimiz kerak.
Global pandemiya hamma uchun umumiy xavfga aylandi. Shuning uchun uni faqat birgalikdagi harakatlar bilan bartaraf etish mumkin. Men bu kurashda oʻzbek xalqiga va barchamizga zafarlar tilab qolaman. Ishonchim komilki, biz muammoni birgalikda yenga olamiz.
Soʻzim yakunida barchangizni muborak Ramazon oyi bilan tabriklab, sihat-salomatlik tilab qolaman!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring