JSST: Sil kasalligini davolash muddatini 6 oydan 4 oyga qisqartirish mumkin

15:06 27 May 2022 Dunyo
1156 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti sil kasalligining dorilarga chidamli turini davolash boʻyicha yangi tavsiyaviy qoʻllanmasini eʼlon qildi.

U quyidagi koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi:

— Tuberkulyozning dori vositalariga chidamli turi bilan xastalangan 12 va undan katta yoshdagi bemorlarga rifapentin, izoniazid, pirazinamid va moksifloksatsin preparatlaridan iborat 4 oylik muolaja sxemasi buyurilishi mumkin.

— Tuberkulyozning yengil formasi bilan ogʻrigan 3 oylikdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlarga 4 oylik davolash rejimi qoʻllanilishi lozim.

Shu paytgacha amal qilib kelgan 6 oylik muolaja kursi ham muqobil variant sifatida qoldiriladi.

JSSTning dorilarga chidamli boʻlgan sil kasalligini davolash boʻyicha avvalgi koʻrsatmalari izoniazid, rifampitsin, etambutol va pirazinamiddan iborat 6 oylik rejimni oʻz ichiga olgan edi. Oʻtgan davrda ushbu sxema bemorlarning 85 foizida samara berishi tasdiqlandi.

Shundan kelib chiqib, tashkilot may oyi boshida bu boradagi koʻrsatmalariga maʼlum oʻzgartirishlar kiritdi. Tuberkulyozning rifampitsin preparatiga chidamli turiga qarshi 6 oylik va muqobil ravishda bedakvilin hamda linezolid bilan davolashga qaratilgan 9 oylik muolaja kursi tavsiya etildi.

Bundan tashqari, JSST joriy yilda bolalarda sil kasalligini davolash boʻyicha yangi koʻrsatmalarini ham eʼlon qildi. U xastalik tashxisi, muolaja davomiyligi va sxemalariga doir oʻzgarishlarni qamrab oladi.

Eslatib oʻtamiz, dunyoda har yili sil kasalligidan 1,4 milliondan ortiq odam vafot etadi. Xastalik erta bosqichda aniqlanmasa, bemor yil davomida 10-15 kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirishi mumkin.

Shu sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2035-yilgacha tuberkulyozdan oʻlim koʻrsatkichlarini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер