JSST: Oʻtgan yili dunyo boʻyicha 14,3 million nafar bola yuqumli kasalliklarga qarshi emlanmagan

18:48 20 Iyul 2023 Dunyo
580 0

Koronavirus pandemiyasi davrida dunyo boʻyicha bolalar oʻrtasida turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlash koʻrsatkichlari pasayib ketishi mutaxassislarda jiddiy xavotir uygʻotayotgandi.

Vaqt oʻtishi bilan vaziyat birmuncha oʻnglandi. Keyingi paytlarda oʻgʻil-qizlar oʻrtasida immunizatsiya tadbirlari jonlanganday boʻldi.

Xususan, oʻtgan yili jahon boʻyicha 2021-yilga nisbatan 4 million koʻproq bola emlandi. Oʻz navbatida, birinchi va keyingi dozalarda vaksina olmaganlar soni shu qisqa davr ichida 24,4 milliondan 20,5 million nafarga kamaydi.

Shunga qaramay, vaziyatni quvonarli, deb boʻlmaydi. Yaʼni emlanmagan qatlam pandemiyadan oldingi — 2019-yilgi darajadan hamon yuqori: bir yil avval 18,4 million nafar bola emlashni oʻtkazib yuborgan.

Oʻtgan yili 20,5 million oʻgʻil-qiz difteriya, qoqshol va koʻk yoʻtalga qarshi birinchi va toʻliq bosqichda vaksina olmagan. Jumladan, ulardan 14,3 million nafari umuman emlanmagan.

Pandemiya davrida vaksinalar bilan qamrov koʻrsatkichi sezilarli pasayib ketgan 73 ta davlatdan 15 tasi 2019-yilgi darajaga qaytishga muvaffaq boʻldi, 24 tasi tiklanish bosqichida. Ammo 34 ta mamlakatda emlash qamrovi oshmagani yoki pasayishda davom etayotgani achinarlidir.

Qolaversa, sayyoramiz boʻyicha ayni paytda 35,2 million bola qizamiq bilan kasallanish xavfi ostida qolmoqda. Oʻtgan yili 21,9 million nafar oʻgʻil-qiz bu kasallikka qarshi emlanmagan. Ulardan 13,3 million nafari vaksinaning ikkinchi dozasini qabul qilmagan.

Shundan kelib chiqib, JSST aʼzo mamlakatlar sogʻliqni saqlash tuzilmalariga bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratish yuzasidan tavsiyalarini berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер