JSST: Dunyoda maymun chechagi virusini yuqtirgan bemorlar soni 14 ming nafarga yetdi

10:56 21 Iyul 2022 Dunyo
804 0

Foto: Illustrativ foto

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining soʻnggi bayonotiga koʻra, hozirga qadar maymun chechagi virusi roʻyxatga olingan mamlakatlar soni 80 taga yetdi. Tekshiruvlar davomida jami 14 ming nafar bemor infeksiyani yuqtirgani tasdiqlangan.

«Shu kungacha mazkur xastalikdan beshta oʻlim holati qayd etilgani haqida bizda rasmiy maʼlumotlar bor, — deydi tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyesus. — Epidemiyadan zarar koʻrganlar asosan Yevropada yashovchilar hissasiga toʻgʻri keladi».

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, baʼzi mintaqalarda pasayish tendensiyasi kuzatilyapti, boshqa davlatlarda esa aksincha, bemorlar soni oshib bormoqda.

«Oʻtgan hafta davomida epidemiya tarqalgan mamlakatlar soni oltitaga koʻpaydi, — deya soʻzini davom ettiradi JSST rahbari. — Ularda ilk kasallanish holatlari roʻyxatga olingan.

Biroq ayrim davlatlarda xastalikka aniq tashxis qoʻyish imkoniyati chegaralangan, diagnostika vositalari yetishmaydi. Shu bois tashkilotimiz ularga maymun chechagini aniqlashda qoʻllaniladigan testlar yuboradi».

Gebreyesusning fikricha, ayni paytda ushbu epidemiyaga qarshi eng samarali kurash vositasi axborot va targʻibotdir. Odamlar bu xavfli infeksiya haqida qanchalik koʻp maʼlumotga ega boʻlsa, kasallikni jilovlash shu qadar osonlashadi.

Eslatib oʻtamiz, maymun chechagi virusi alomatlari asosan isitma, umumiy intoksikatsiya va tanada toshmalar bilan namoyon boʻlyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер