J.Poʻlatov: "Koʻp ota-onalar farzandlarini XX asr kasblariga tayyorlashyapti. Aslida zamonaviy bozorda koʻp kasblarga boʻlgan boʻshliq bor"

21:44 04 Mart 2020 Jamiyat
1688 0


Xalqaro press-klub “80 daqiqa jonli” nomli yanli media loyihaga start berdi. Bugun uning birinchi soni boʻlib oʻtdi. Loyihaning ilk koʻrsatuvida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy va oʻrta taʼlim, innovatsion rivojlanish vazirliklari vakillari hamda davlat va nodavlat OTMlar talabalari ishtirok etishdi. Quyida unda bildirilgan eng dolzarb fikrlarni eʼtiboringizga havola etamiz.

Akmaljon Odilov, Toshkent moliya institutining tayanch doktoranti:

— Oʻzbekistonning bironta oliy taʼlim muassasasi hali taʼlim sifati boʻyicha jahon reytingiga kirgani yoʻq. Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining bir nechta OTMlari shu kabi reytinglarda oʻz oʻrniga ega.

Gulnoza Usmonova, Singapur menedjmentini rivojlantirish instituti qoshidagi turizm maktabi direktori:

— Inson kapitali — bu inson taraqqiyoti. Inson taraqqiyoti indeksida 108 oʻrin egallashimiz, ushbu yoʻnalishga boʻlgan munosabatimizdan dalolat.

... Inson kapitali tabaqalashgan jamiyatda rivojlanmaydi. Faqat moddiy jihatdan taʼminlangan oilalargagina emas, hammaga bir xil tarzda imkoniyat yaratish kerak. Ammo bir nyuans bor: hammada ham iqtidor bir xil boʻlmaydi.

Jahongir Poʻlatov, “Cambridge” oʻquv markazi direktori:

— Yoshlarga toʻgʻri maqsad qoʻyishni oʻrgatishimiz kerak. Qachonki inson oʻziga toʻgʻri maqsad qoʻysa, unda motivatsiya boʻladi.

... Jamiyatda diplomga ega boʻlish statusga aylanib qolgan. Dunyoga mashhur boʻlgan “Microsoft” korxonasi ishga oladigan paytida diplomga qaramaydi ham. 

... Qorni och odamga qornini toʻydirmasdan turib motivatsiya berib boʻlmaydi.

... Insonlarni fikrlashini oʻzgartirishimiz kerak. Koʻp ota-onalar farzandlarini XX asr kasblariga tayyorlashyapti. Aslida zamonaviy bozorda koʻp kasblarga boʻlgan boʻshliq bor. Kerakli kasb egalari esa yoʻq.

Azimjon Nazarov, Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari:

— Oʻzbekiston ilmiy tadqiqot ishlariga YAIMning 0,2 foizini ajratyapti. Bu esa nihoyatda kam. Shu bois uni kelgusi oʻn yilda 1,5 foizgacha chiqarish moʻljallanmoqda.

... Bolaga boʻlgan birinchi investitsiya homila davridan boshlanadi.

Gʻayrat Safarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

— Inson kapitaliga tikilgan mablagʻlar boshqa yoʻnalishlarga yoʻnaltirilganlaridan koʻra koʻproq va tezroq foyda keltiradi. Ertaga biz farzandimizga sarflagan sarmoyamizdan qanday foyda olamiz? Bir gap bor: bolgʻani urgan bir tiyin olsa, “Bolgʻani shu yerga ur”, deb aytgan odam ikki tiyin oladi. Bu ham sarmoyani farzandlarimizni bilimli qilishga sarflashimiz koʻproq naf keltirishini anglatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер