Joʻqorgʻi Kenges Raisi Isroil davlati delegatsiyasini qabul qildi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi matbuot xizmati
Isroil davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Zeavit Ben Xilel, Isroil Tashqi ishlar Vazirligi huzuridagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish agentligi (MASHAV) rahbari Eynat Shleyn Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning qabulida boʻldi.
Qabulda Isroil davlati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etilib, unda Isroil davlati tajribasi asosida mahalliy yoshlar va mutaxassislarning bilimini oshirish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun seminar-treninglar tashkil qilish va yangi loyihalar ustida ishlash borasida soʻz yuritildi.

Shu bilan birga hududdagi suv tanqisligini yumshatishga qaratilgan suv tejovchi texnologiyalarni yanada keng joriy etish, kollektor va oqova suvlarini qayta ishlash orqali qishloq xoʻjaligi va ekin maydonlarida foydalanish, bu yoʻnalishda Isroil tajribalari asosida mutaxassislarning bilim va malakalarini oshirish boʻyicha taklif-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasining turistik salohiyatidan foydalanish, bu borada ekoturizmni rivojlantirish, shuningdek, hududdagi qoʻriqxonalar, ekzotik sahro qumliklarining oʻziga xos tabiatini sayyohlarga namoyish qilishni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi va mehmonlar bu borada hamkorlikda ish olib borishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Oʻz navbatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev mehmonlarning tashrifidan minnatdorligini bildirib, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashini aytib oʻtdi.
Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring