Jomboy tumanida 40 nafar oʻqituvchida koronavirus aniqlandi
11-sentyabr kuni xalq deputatlari Jomboy tuman kengashining navbatdagi sessiyasi oʻtkazildi. Bu haqda Jomboy tumani hokimligining axborot xizmati xabar qildi.
Yigʻilishda maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarini sanitar talablarga muvofiq birlamchi vositalar bilan taʼminlash, dezinfeksiya ishlarini tashkil etish, yangi oʻquv mavsumiga tayyorgarlik holatini muhokama qilish va taʼlim muassasalari faoliyatini tiklash masalalari koʻrib chiqilgan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda tumandagi 56 ta umumtaʼlim maktabida 32 349 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Yangi oʻquv yilida 3 568 nafar bola 1-sinfga qabul qilingan.
Sessiya ishida deputatlarga axborot bergan Jomboy tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Z.Yusupova yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik doirasida 48 ta maktab jamoasidan 1 934 nafar oʻqituvchi tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazilgani, tekshiruv natijasida 40 nafar pedagogda koronavirus aniqlanganini maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra virus yuqtirgan xodimlar taʼlim jarayoniga jalb etilmaydi, ular onlayn tarzda ish faoliyatini davom ettirishi mumkin. Yana 28 ta maktab oʻqituvchilaridan olingan test natijalari kutilmoqda.
Shuningdek, tumandagi maktablarda oraliq masofani saqlash, oʻquvchilarni zarur tibbiy vositalar bilan taʼminlash choralari koʻrilgan. Har bir muassasada alohida tibbiyot xonasi tashkil etilgan. Ularda tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan hamshiralar faoliyat yuritadi.
Sessiyada soʻnggi kunlarda koronavirusga chalinganlar sonining ortishidan kelib chiqib, yangi oʻquv yilini tumandagi ikkita – 34 va 38-umumtaʼlim maktablarida 14-sentyabrdan emas, balki 16-sentyabrdan tajriba-sinov sifatida boshlash taklif qilindi.
COVID-19 koronavirus infeksiyasiga chalinish holati aniqlanmagan 12 ta maktabda darslarni 21-sentyabrdan tegishli ketma-ketlikda boshlash mavzusi kun tartibiga qoʻyildi. Qolgan maktablar faoliyatini tiklash vaziyatdan kelib chiqib hal qilinishi tavsiya etildi.
Sessiyada maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri bergan axborot deputatlar tomonidan qizgʻin munozaralarga sabab boʻldi. Tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri D.Obloqulova hududdagi bolalar bogʻchalari faoliyatini 14-sentyabrdan tiklashni taklif qildi.
Deputatlar tomonidan axborotda aynan qaysi MTMlar mavsumga tayyor ekaniga oydinlik kiritilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, bu borada oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, ota-onalarning 44,7 foizi rozilik bildirishi qaror qabul qilish uchun kamlik qilishi aytildi.
Sessiyada maktablarda yangi oʻquv yilini 16-sentyabrdan bosqichma-bosqich tarzda boshlash taklifi maʼqullandi. Tuman MTT mudirining axboroti deputatlar tomonidan rad etildi va keyingi sessiyalarda qayta koʻrib chiqilishi belgilandi. Jomboyda bogʻchalarning ochilishiga hozircha ruxsat berilmadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring