Jo Bayden Kim Chen In bilan uchrashishdan bosh tortdi
Foto: AP
AQSH prezidenti Jo Bayden Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rahbari Kim Chen In bilan shaxsan uchrashishdan bosh tortdi.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki brifing paytida aytib oʻtdi. Psaki jurnalistning “Davlat rahbari KXDR rahbari bilan muzokaralar stoliga oʻtirishga tayyormi yoki yoʻqmi?” degan savoliga javob berar ekan, uning yondashuvi “umuman boshqacha” ekanini va u bunday qadam tashlash niyatida emasligini taʼkidlagan.
Oldinroq Amerika rahbari Koreya yarim orolini yadrosizlantirish masalasini oʻzining tashqi siyosatidagi eng ustuvor vazifasi deb atagan edi. Bayden KXDRning yaqinda raketa uchirilishini qoraladi va bunga munosib javob boʻlishini taʼkidladi. Shuningdek, u Pxenyan bilan aloqalarda diplomatiyaga ochiq ekanligini qoʻshimcha qildi.
2018-yildan beri AQSH va KXDR ushbu masalada muzokaralar olib bormoqda. AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp ushbu borada kelishuvga erishilgan taqdirda KXDRdan sanksiyalarni olib tashlashga tayyorligini aytgan edi. Biroq, 2019-yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan soʻnggi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu haqda Pxenyan xabar bergan, AQSH esa rad etgan edi.
2020-yil dekabr oyida KXDR AQSH bilan yadrosizlantirish masalasida qoʻshimcha muloqotga muhtoj emasligini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring