Jizzaxlik yosh olim xorijda tadqiqot olib boradi
Said Donishev/“Xalq soʻzi”. Oliy oʻquv yurtlarida ilm bilan shugʻullanish yoʻlini tutgan shijoatli yoshlar koʻp. Ular har lahza qadrini oltinga qiyoslab, shiddat bilan mehnat qilmoqda.
Qahramonimiz Qayumov Shohruh Abdujalol oʻgʻli 1991-yilda ziyoli oilada tugʻilgan. Jizzax davlat pedagogika universitetining bakalavr, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining magistratura bosqichini tamomlagan. Shohruhjon 2021-yilda Guliston davlat pedagogika universitetining doktorantura bosqichiga qabul qilindi. Yosh olim oʻtgan yili Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi Ilmiy Kengashda “Boʻlajak jismoniy tarbiya oʻqituvchilarining kasbiy kompetentligini innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirish” mavzusidagi Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ayni paytda Jizzax davlat pedagogika universitetida faoliyat koʻrsatmoqda. Uning 2 ta oʻquv uslubiy qoʻllanma, 2 ta monografiya, 20 dan ortiq ilmiy maqolalar, 30 dan ortiq xalqaro-respublika anjumanlarida tezislari chop etilgan.
— Ilm mashaqqatli yoʻl. Bir maqola yozish uchun qancha kitob oʻqiladi. Ilmiy daraja olish uchun kashfiyot talab qilinadi. Yaʼni, ilmiy qarashlar amaliyotda fan rivoji uchun xizmat qilishi kerak, — deydi yosh olim. — Pedagogika fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun professor Shavkat Sharipov bilan “Innovatsion tizimlar asosida talabalarda sport va salomatlik immunitetini rivojlantirishning pedagogik strategiyalari” mavzusida tadqiqot olib boryapmiz. Mazkur tadqiqot boʻyicha Buyuk Britaniyadagi “Portsmut” va Ispaniyadagi “Barselona” universitetlari bilan Jizzax davlat pedagogika universiteti oʻrtasida memorandum imzolangan. Kelgusida mazkur universitetlarda malaka oshirib, bilimlarimni yurtimizdagi taʼlim sohasini rivojlantirish yoʻlida sarflamoqchiman.
Shohruh Qayumov ayni paytda sportning futbol turi boʻyicha respublika toifasidagi hakam hisoblanadi. 2021-2023-yillar davomida Jizzax viloyati futbol assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazib kelingan “Jizzax viloyati hokimi kubogi” musobaqasining eng yaxshi hakami boʻldi. Oʻzbekiston super ligasidagi koʻplab futbol musobaqalarida hakamlik qilgan. 33 yoshida ham olim, ham futbol hakami sifatida tanilgan Shohruh Qayumovga omad tilaymiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring