Jizzax: Pishagʻar qishlogʻi afsona va haqiqatlar...

15:53 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
4151 0

Pishagʻar qishlogʻi haqida eshitganmisiz? Zomin tumanidagi nomi turli afsona va rivoyatlar bogʻliq ushbu qishloq haqida bilganlarimizni hikoya qilmoqchimiz.

Goʻzal tabiati, zilol suvi-yu, sodda va samimiy insonlari bilan mashhur Pishagʻar qishlogʻi hudud jihatdan yurtimizdagi eng katta qishloqlardan biri hisoblanadi. Eng avvalo Pishagʻar qishlogʻi nomi va uning nega bunday atalishi xususida ikki ogʻiz soʻz.

Mahalliy aholi va ayrim tarixiy maʼlumotlarga koʻra qishloqning nomi bilan bogʻliq ikki xil taxmin mavjud. Birinchi taxminga koʻra Pishagʻarning “besh oqar” (suv) degan maʼnoni bildirsa, ikkinchi taxminga koʻra “Peshagʻor — ”gʻor ogʻzidagi (etagidagi) qishloq" deb ham atashadi.

Eng qizigʻi “Bosh Pishagʻar” qishlogʻi gʻordan besh-olti kilometr masofada, uning etagida joylashgan. Qishloq ichidan oqib oʻtuvchi suv “besh oqar” emas, balki “bir oqar” — bir soyning, “Xoʻjai Sarob” – “suv boshi xoʻjasi, egasi” deb nomlangan joydan boshlanuvchi “Pishagʻarsoyning” suvi, “besh jilgʻa”dan emas, balki qish va bahor mavsumida yuzlab jilgʻalardan yigʻiladi.

Shuning uchun ham Pishagʻar atamasi aslida “Peshagʻor” tarzida tarkib topgan va davrlar oʻtishi bilan talaffuzi oʻzgarganligi ehtimoldan xoli emas. Shundan bilish mumkinki qishloq nomiga koʻproq ikkinchi taxmin toʻgʻri keladi.

Qishloqda mahalliy aholi bilan suhbat davomida qiziq bir maʼlumotga ega boʻldik. Aytishlaricha shu yaqin atrofdagi “Xoʻja Serob” ziyoratgohi atrofida mahalliy aholi tashabbusi va saʼy harakati hashar yoʻli bilan qurilgan oʻlka tarxi haqida hikoya qilguvchi muzey bor ekan.

Unda aynan shu qishloqdan topilgan noyob topilmalar va qadimiy jihozlar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Chogʻroqqina, hashar yoʻli bilan qurilgan muzey u qadar eʼtiborni tortmasa-da, noyob topilmalarga boy ekanligi bilan ham qiziq. Bu yerda zardushtiylar davridan qolgan topilmalardan tortib to 19 asrga oid uy roʻzgʻor buyumlargacha bor.

Uch mingdan ziyod topilmalarga ega muzey shu qishloqliq oddiy oʻqituvchi Abdugʻani Mamatqulovning saʼy harakati bilan 2014-yilda tashkil topgan.

Bu yerda miloddan avvalgi 5-6 asrlarga oid suv quvurlari, tegirmon toshlari va sopol qozonlar, moy chiroqlar, gulli piyola va kosalar va katta-kichik xumlarni uchratishingiz mumkin.

18-19 asrga oid erkaklar va ayollarning milliy kiyimlarning har biri alohida taʼrifga loyiq. Misol uchun tulki terisidan tikilgan erkaklar bosh kiyimi “Tulkitumoq”ning dumi qanchalik uzun boʻlsa, erkak kishining umurtqasi shunchalik sogʻlom boʻlarmish.

Etnografiyada milliy kiyimlar oʻsha joyning ekologiyasi bilan bogʻliq boʻladi. “Jelakboshi” (ayollar yopinchigʻi) qishloq ayollarini sovuqdan qordan, shamoldan, issiqdan va eng muhimi yomon nazarlardan himoya qilgan, asragan.

Jelakboshining orqa tomonidagi birlashtirilgan yenglar umurtqa pogʻonalarni bir xil temperaturada ushlab turishga xizmat qilgan. Issiq va sovuqlarda bir xil gradusda ushlagan. Bu yopinchiqni 20-45 yoshgacha qishloq ayollari yopinishgan.

2-3 asrga oid “Xokidonlar” odamlarni yoqib kulini solish uchun ishlatilgan boʻlsa, Zardushtiylar davriga oid “Ostodonlar” marhumlarning suyaklarini saqlash uchun foydalanilgan. “Osdoton” lotinchada “suyak” maʼnosini bildiradi. Zardushtiylik taʼlimotiga koʻra yer, olov suv va havo muqaddas hisoblangan.

Bu oʻlganlarni dafn etishda alohida qoidaga rioya etishni talab etgan. Jasadlar suyaklari yumshoq toʻqimalardan tozalangunicha qoʻyiladigan joylar–daxmalar qurilgan. Soʻng suyaklar yigʻilib qopqoqli sopol tobutlarga–ossuariy (yoki ostodon)larga solinib saqlangan.

Muzeyda koʻrgazmaga qoʻyilgan ushbu “suyakdon” lar mahalliy bolalar tomonidan qirdan ichida suyaklari bilan topilgan.

Muzeyda mis va yogʻochlardan ishlangan turli uy roʻzgʻor buyumlari bilan bir qatorda oyoq kiyim qoliplari, pichoq charx va paxta chigʻiriq hunarmandchilik asboblari pilta miltiq, portlamaydigan zambarak oʻqlari, kishan va xumlar qadimiy charx va tuya junidan toʻqilgan dasturxonlarni ham uchratasiz.

Ikki ming yillik tarixga ega tangalar, urchuqbosh, ayollar munchoqlari, qatron daraxtidan yasalgan koʻz munchoqlar, surmadon, tosh ignalar hayollarni olis tarix sari yetaklaydi.

19 asrga oid gilam va kashtalar, taxmonqosh, soʻzana va soch popuklarning oʻtgan vaqt mobaynida oʻz rangini yoʻqotmay saqlanishida shu muzey xodimlarining va qishloq ahlining xizmati katta.

Muzey va qishloq tarixi haqida qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etgan Zuhra Mamatqulovaning taʼkidlashicha qishloq ahlining har biri muzeyning yanada eksponantlarga boyishi uchun oʻz hissasini qoʻshmoqdalar.

Bu yerdagi eksponantlar oʻlkaning tarixi haqida hikoya qiladi. Shuni alohida aytish joizki bu yerga chet ellik turistlar ham qiziqish bildirmoqda.

Tarixi juda qadim-qadimlarga borib taqaluvchi ushbu qishloq haqida A.Makedonskiyning "Jangnomasi” hamda Z.M.Boburning “Boburnoma” sida ham soʻz yuritilgan.

Mabodo yoʻlingiz tushib Zomin tomonlarga kelsangiz albatta “Peshogʻar” qishlogʻini ziyorat qiling.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер