Janubiy Koreyaning Pusan shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro koʻrgazmada Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati keng targʻib qilindi
Foto: “Dunyo” axborot agentligi
Koreya Respublikasining Pusan shahrida “Koreya Jahon sayyohlik yarmarkasi” (KOTFA) boshchiligida tashkil etilgan “Busan International Travel Fair 2023” (BITF-2023) xalqaro turistik koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Koʻrgazmada mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” koʻmagida yurtimizning sayyohlik salohiyatini targʻibot qiluvchi stend tashkil etildi.
Xalqaro koʻrgazmada mehmonlar va ishtirokchilar mamlakatimizning Janubiy Koreyalik sayyohlarni oʻziga jalb eta oladigan yangi sayyohlik yoʻnalishlari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, elchixona va xorijiy ishtirokchilar oʻrtasida turistik guruhlarning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish masalalari ham muhokama etildi. Shu bilan birga, xorijlik jurnalistlarga 2023-yilda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi Oʻzbekistonda, Samarqandda boʻlib oʻtishi maʼlum qilindi.
Koʻrgazmaning rasmiy ochilish marosimida KOTFA rahbari Kim Ji Xi Koreya sayohatchilari orasida Oʻzbekistonga qiziqish tobora ortib borayotgani toʻgʻrisida alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning fikricha, Oʻzbekiston oʻz stendi bilan qatnashishi Janubiy koreyaliklarda mamlakat toʻgʻrisida boʻlgan maʼlumotlarini kengaytirishga, turistik oqimning koʻpayishiga olib keladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring