Janubiy Koreyadan Oʻzbekistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi

18:31 10 May 2020 Jamiyat
1137 0

Oʻzbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro hamkorlik doirasida umumiy ogʻirligi 34 tonna boʻlgan insonparvarlik yuki shakllantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqoti chogʻida erishilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan mazkur koʻmakning ogʻirligi 6,2 tonna boʻlgan birinchi qismi mamlakatimizga 26-aprel kuni olib kelingan edi.

10-may kuni umumiy qiymati 192 ming dollarga yaqin tibbiy vositalar shaklidagi navbatdagi insonparvarlik yuki ortilgan “Uzbekistan Airways” kompaniyasining maxsus samolyoti Seuldan Toshkentga uchib ketdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Qimmatli yuk tarkibiga avtomatik boshqariladigan koʻp funksiyali tibbiy karavot, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, tibbiy niqoblar, inson immun tizimini mustahkamlashga xizmat qiladigan ozuqaviy qoʻshimchalar kiritilgan.

Insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering”, “LH Corporation”, “Evergreen Motors”, “Infinity Co., Ltd.” kompaniyalari, Shinxan universiteti hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va oʻzbekistonlik talabalar tomonidan taqdim etildi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер