Janubiy Koreyadan Oʻzbekistonga navbatdagi gumanitar yordam joʻnatildi
Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash, shuningdek, mamlakatimizda Covid-19 tarqalishi oldini olish boʻyicha xalqaro hamkorlik doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi tomonidan jalb etilgan 97 ming 240 dollar miqdoridagi insonparvarlik yordami bugun Toshkentga yetib boradi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.
Gumanitar yordam roʻyxatidan zamonaviy shprisli nasoslar, 15 ming qadoqda antiseptik vositalar, 12 dona tibbiy karavot va avtomatik mexanizmga ega boʻlgan koʻp funksiyali koʻrpalar joy olgan.
Mazkur jihozlar Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering & Construction”,“Infinity Co., Ltd.” kompaniyalari, Shinxan va Adju universitetlari hamda Xvasong shahar Savdo-sanoat palatasi tomonidan taqdim etilgan.
Insonparvarlik yordami “Uzbekistan Airways” AJning charter yuk reysi orqali joʻnatildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonning Seuldagi diplomatik vakolatxonasi mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun zarur yuqori texnologiyali tibbiy vositalarni jalb qilishni davom ettirmoqda. Jumladan, yaqin kunlar ichida taxminan 66 ming dollar miqdordagi ana shunday gumanitar yordam charter yuk reysi tashkil etilgandan soʻng yuborilishi koʻzda tutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring