Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligining (SAP) Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf Al-Utaibini qabul qildi
Joriy yilning 11-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligining (SAP) Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf Al-Utaibini qabul qildi.
Muzokaralar davomida Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari rivojlanishining hozirgi holati va istiqbollari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, yaqin kelajakda bir qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish borasidagi ishlar muhokama qilindi.
Tomonlar soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning faollashuvini, xususan, investitsiyaviy, energetika va savdo – iqtisodiy sohalarda hamkorlikning jadal kengayishini yuqori baholadilar.
Asosan toʻqimachilik, meva-sabzavot, plastmassa va metall buyumlar oʻzaro yetkazib berish hisobiga joriy yil boshidan buyon oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 baravar koʻpaygani qaid etildi. Savdo munosabatlarini chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab, tomonlar tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishga oʻzaro qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlik sohasida erishilgan yutuqlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni 36 ga yetdi, qiymati 2,7 milliard dollar boʻlgan 4 ta yirik investitsiya loyihasi hamda jami qiymati 287 million dollar boʻlgan bir qator ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Investitsiyaviy sheriklikning yangi “oʻsish nuqtalarini” izlash va turli sohalarda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir aniq takliflarni ishlab chiqish boʻyicha birgalikda ishlashga oʻzaro tayyorlik bildirildi.
Ikki davlatning biznes va hukumat doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan boʻlajak ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari batafsil koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni jadal rivojlantirish, shuningdek, mavjud kelishuvlar ijrosini monitoring qilib borish maqsadida yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring