Jamshid Xodjayev SAP atrof – muhit, suv va qishloq xoʻjaligi vaziri Abdulrahmon al-Fadli bilan muzokaralar oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga Davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev SAP atrof – muhit, suv va qishloq xoʻjaligi vaziri Abdulrahmon al-Fadli bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Tomonlarning diqqat markazida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning joriy masalalari va istiqbollari boʻldi.
Oʻzbekiston tomoni Saudiya Arabistonilik hamkorlarining tajribasi jalb qilinishi rejalashtirilgan aniq yoʻnalishlarni taklif qildi. Xususan, soʻz agrar sohada innovatsiyalarni joriy etish va taʼlim tizimini takomillashtirish loyihalari haqida bordi. Soha doirasidagi barcha ilmiy-tadqiqot institutlarining oʻzaro hamkorligini faollashtirish maqsadida Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (AKIS) va Saudiya Arabistonining Barqaror qishloq xoʻjaligi Milliy ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Saudiya Arabistoni kompaniyalarini Oʻzbekiston bilan qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga jalb qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldilar. Bu shubhasiz Oʻzbekistonda yuqori sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va keyinchalik Saudiya Arabistoniga eksport qilish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring