Jamshid Xodjayev Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shahin Mustafoyev bilan uchrashdi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 24-dekabr kuni hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Boku shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shahin Mustafoyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etgan uchrashuvda investitsiyaviy, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng kun tartibi koʻrib chiqildi.
Uchrashuv avvalida tomonlar ikki tomonlama munosabatlar rivojidagi ijobiy dinamikani va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning joriy yil iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifining muhim natijalarini hamda ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kuchli turtki boʻlganini qayd etdilar.
Uchrashuvda savdo aloqalarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi. Kelgusi 5 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga oʻzaro tayyorlik bildirilib, bu borada bir qator aniq amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.
Ikki tomonlama munosabatlarning istiqbolli yoʻnalishlari qatorida ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishini hamda istiqbolli investitsiya loyihalarining «road-show»si bilan birga Oʻzbekiston va Ozarbayjon hududlari birinchi forumini 2023-yil boshida Toshkent shahrida tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Suhbat chogʻida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, yaʼni qoʻshma ipakchilik va toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va zargarlik sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar erishilgan kelishuvlarni ilgari surish va ikki tomonlama sheriklikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini bildirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring