Jalaquduqlik Neʼmattilo akaning asalarilari “Olloh!” yozuvini bitdi
“Xalq soʻzi"- Online. Saminjon HUSANOV/Andijon. Oʻtgan yili Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi yosh tadbirkorning xonadonidan lavha tayyorlagandik. Unda tadbirkor qaramogʻidagi asalarilar arab yozuvida “Olloh” soʻzini yaratganlari haqida bayon etgan edik. Buni qarangki, yana aynan shu tumandan shu mavzuda navbatdagi lavhani tayyorladik. Bunga endi Gʻozichek MFYda istiqomat qiluvchi Neʼmatillo aka Qoraboyevning asalarilari sabab boʻldi.
Neʼmatillo aka yoshlik chogʻlarida xam asalarichilik bilan shugʻullangan. Shunga ham oʻttiz yil boʻlibdi. Bu orada tirikchilikning boshqa usullaridan foydalandi. Kam boʻlmadi! Biroq, asalarichilik sohasiga boʻlgan qiziqishi qayta nish urdiyu, beshta qutida bol arilarni parvarishlay boshladi.
— Qiziq holatda, — deydi Neʼmatillo aka hayratini yashira olmay.—Arilar bitta qutida emas, beshta qutining har birida shunday yozuv hosil qilganlar. Buni oʻzimcha turli maʼnoda tushunishga harakat qilyapman. Kim bilsin, balki, bu barakadan darakdir. Yo boʻlmasa atrofimizda sodir boʻlayotgan ayrim noxush holatlardan sergak tortishimiz uchun bir ishoradir. Toʻgʻrida, keyingi paytlarda yuz koʻrishmas boʻlib ketgan aka-ukalar, bir-biriga pichoq koʻtargan qoʻshnilar, oilasi yuzini yerga qaratgan yigit-qizlar haqida koʻp eshityapmiz. Sababi, oqibatni yoʻqotib qoʻydikmikan, deymanda! Tabiat mavjudotlari Olloh soʻzini bitib, bizga bir-birimizga mehr-muruvvatli boʻlish kerakligini yana bir bor eslatdimikan, degan xayolga boryapman toʻgʻrisi...

Tan olish kerak, bu kabi holatlarga tasodif, deb qaragimiz keldi. Balki, asalarilarning in qurishdagi harakatlari aynan shu tahlitdagi usuldan boshlanar? Shu bois ham aynan bitta emas, beshala qutida ham bir xil yozuv paydo boʻlgandir? Koʻnglimizdan kechayotgan xayollarni uqib olgan masjid mutasaddilari yozuvga izoh berdilar. Ularning fikricha, bu haqiqatdan ham “Olloh” soʻzi ekan!
Aslini olganda asalarilarning oʻzi tabiat moʻjizasidir! Biroq ular yaratgan moʻjiza haqiqiy hayratimizga sabab boʻldi. Nima boʻlganda ham bu voqeadan har kim oʻziga yaxshi xulosalar yasamoqda. Asosiysi ham shunda!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring