Jahon banki tomonidan tibbiyot yoʻnalishida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi muhokama qilindi — SSV

14:40 17 Fevral 2023 Siyosat
494 0

Foto: Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Ulugʻbek Sabirov Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, ushbu moliya muassasasining sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha katta mutaxassisi Elvira Anadolu va boshqa masʼullar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda tibbiyot sohasida olib borilayotgan hamkorlik istiqbollari haqida soʻz bordi.

Qayd etilganidek, bugun Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar turli sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, tibbiyot tizimi boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan qator loyiha va dasturlar sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, elektron sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, shifokor va hamshiralar malakasini oshirish kabi muhim yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 2-iyuldagi tegishli qaroriga koʻra, mamlakatimizda mazkur xalqaro moliya muassasasi ishtirokida “Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar koʻrish” loyihasi keng koʻlamda amalga oshirilmoqda.

Dastur doirasida yurtimizda tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlarining bosqichma-bosqich tashkil etilishi karantin davrida va undan keyingi holatlarda aholi salomatligini tiklashda asosiy omillardan biri boʻldi.

Chunonchi, ushbu tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Jahon banki mablagʻlari hisobidan multispiral kompyuter tomografiyasi, zamonaviy rentgen-diagnostika uskunasi, gemodializ, videogastroskop va videobronxoskop kabi zamonaviy apparatlar olib kelib, oʻrnatildi.

Shuningdek, ushbu bank shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish, RSHTYOIM va uning filiallari oʻrtasida teletibbiyotni yoʻlga qoʻyish uchun ilgʻor tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish jarayonida ham faol ishtirok etmoqda.

Qolaversa, mazkur muassasa mablagʻlari hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM)ning 75 oʻrinli yangi xirurgiya korpusining jihozlanishi bu yerda xorij tajribasi asosida yuqori texnologik noyob operatsiyalar bajarish, malakali mutaxassislar tayyorlash ishlarini samarali tashkil etishga xizmat qilayotir.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikda yoʻlga qoʻyilgan loyihalar ijrosini taʼminlash, kelgusida yana qator yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik aloqalarini butunlay yangi bosqichga koʻtarish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер